Sobiq Sovet Ittifoqi davrida uchirilgan ikki sun’iy yo‘ldosh — “Molniya-1-44” va “Kosmos-1461” Yer atmosferasida yonib ketdi. Bu haqda AQShning koinot qurilmalari parvozini kuzatuvchi onlayn-servisi ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: Fotolia

“Molniya-1-44” Zimbabve hududida parchalanib ketgan. “Kosmos-1461” radioelektron razvedka sun’iy yo‘ldoshining yonib bitmagan bo‘laklari Antarktika qirg‘oqlari yaqinida — Janubiy okeanga quladi.

“Molniya” sun’iy yo‘ldoshlari katta turkumda chiqarilgan bo‘lib, shu sababli orbitadan chiqib ketishi tez-tez kuzatiladi.

Rossiya kosmonavtika akademiyasi akademigi Aleksandr Jeleznyakovning so‘zlariga ko‘ra, bu sun’iy yo‘ldoshlar odatda atmosferada butkul yo‘q bo‘lib ketadi, yergacha og‘irligi 500 grammgacha bo‘lgan bo‘laklar yetib kelishi mumkin.