Anomaly London kompaniyasining ijodiy direktori Metyu Gay kosmosga birinchi bo‘lib parvoz qilgan Felisett mushugiga yodgorlik o‘rnatish uchun mablag‘ yig‘ishni boshladi. Pul yig‘ish kampaniyasi 18-oktabrda boshlandi, talab qilinadigan 40 ming funt-sterlingdan 10 mingini yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.

Felisett (chapdan birinchi)
Foto: TJournal

Gay pul yig‘ish haqida Felisettning kosmosga parvoz qilganiga 54 yil to‘lishi arafasida ma’lum qildi: bortida mushuk bo‘lgan raketa 18-oktabrda Fransiyadagi Xammagir kosmodromida start olgan. 160 kilometr balandlikda ichida hayvon bo‘lgan kapsula raketadan ajralgan va parashut yordamida Yerga qaytib tushgan. Keyingi uch oy davomida mushuk laboratoriyada o‘rganilgan, shundan so‘ng tadqiqotni davom ettirish uchun u maxsus yo‘l bilan o‘ldirilgan.

Felisett kosmosga uchirish uchun tayyorlangan 14 ta mushuk orasidan tanlab olingan.

Yodgorlik uchun tayyorlangan eskizlar
Foto: TJournal

Gayning fikriga ko‘ra, odamlar kosmosga chiqqan birinchi mushuk haqida butunlay unutib qo‘ygan va faqat shimpanze hamda it haqida eslaydi. Uning xotirasini abadiylashtirish uchun Gay Parijda bir yarim metrli bronza yodgorlik o‘rnatishni xohlamoqda.