Suratkash Tanya Sharapova Nepalning chekka tog‘li hududlarida istiqomat qiluvchi insonlarning hayot tarzini tadqiq etadi. Bu safar u o‘z guruhi bilan Himolay so‘qmoqlari orqali Nar va Pxu qishloqlariga yo‘l oldi, deb yozadi National Geographic.
“O‘g‘lim — rohib. Hozirda u Katmanduga ketganligi sabab, men ibodatxonaga qarab turgani keldim. Bu yerda uch kishimiz: men, dugonam Pxunju Kxano va mushugimiz Gxuri. Bu mushukni o‘g‘lim to‘rt yil oldin uyim (Nar qishlog‘i)ga borayotganida topib olgan. Gxuriga omad kulib boqdi: axir qayerda mushukni chapati, sut va quymoqlar bilan boqishadi? Mana, biz boqamiz”, — deydi Chorten Dolma.
Chortenning uyidan o‘g‘li yashaydigan ibodatxonagacha uch soatlik yo‘l. 4 150 metr balandlikka qarab tog‘ so‘qmoqlari bilan yurib borish kerak.
Tanya Sharapova o‘z jamoasi bilan 4 050 metr balandlikdagi Pxu qishlog‘igacha to‘rt soatlik yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yerda hayot juda og‘ir — atrof to‘la tosh, kuchli shamol, kuz va qish fasllarida havo juda sovuq.
Pxuda 52 ta uy joylashgan, biroq ularning bir qismi yopiq; uy egalari ancha vaqtga bu yerni tark etgan. Kimdir Katmanduga, kimdir sharoit yaxshiroq bo‘lgan Manang qishlog‘iga ko‘chib ketgan. Aholining bir qismi pul topish ilinjida Koreya, Amerika va Belgiyaga yo‘l olgan.
Izoh (0)