Italiya A seriyasida 9-tur bellashuvlari yakuniga yetdi. Uning markaziy o‘yinida turnir jadvalida dastlabki ikki o‘rinni egallab turgan “Napoli” va “Inter” klublari o‘zaro to‘qnash keldi.
Neapollik futbolchilar ortda qolgan 8 ta turning barchasida zafar quchishga muvaffaq bo‘lgandi. Luchano Spaletti shogirdlariga qarshi bellashuvda ular ilk bor ochko yo‘qotdi — 0:0. Shu tariqa har ikki klub turnir jadvalida o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi.
Turinning “Yuventus” klubi esa o‘z irodasini namoyish qila oldi. Xorvatiyalik hujumchi Mario Manjukich uchrashuvning 26-daqiqasida maydondan chetlatilgan bo‘lsa ham, Allegri jamoasi o‘yin yakuniga qadar gollari sonini 6 taga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Italiyaning so‘nggi 5 yillikdagi chempioni ayni paytda kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
Poytaxt Rim klublari mazkur turda zafar quchdi. “Roma” Turindan g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, Yevropa Ligasida 100 foizlik natija qayd etib turgan, ortda qolgan turlar davomida “Milan”, “Yuventus” kabilarni taslim qilolgan Simone Indzagi boshqaruvidagi “Latsio” Kalyaridan kelgan futbolchilarga imkoniyat qoldirmadi.
Montella boshqaruvidagi “Milan” hamshahri “Inter” kabi 1 ochko bilan kifoyalandi. Farqi — “Inter” peshqadam maydonida 1 ochkolik bo‘ldi, “Milan” esa o‘z maydonida oddiygina “Jenoa”ni yenga olmadi. Shu tariqa bosh murabbiy Vinchentso Montellaning jamoadan ketkazilishi uchun yana bir qadam tashlandi. Mavsumning eng qimmat xaridlaridan biri bo‘lgan Leonardo Bonuchchi mazkur turda maydondan chetlatildi.
Italiya A seriyasi 9-tur bellashuvlari 21-oktabr, shanba
Izoh (0)