MyDay nashri filmlardagi salbiy obrazlari bilan tanilgan aktyor Alixan bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: MyDay

Kinoga kirib kelishim

Aktyorlik sohasiga Amerikada o‘qib yurgan paytlarim qadam qo‘yganman. Ilk rolim “G‘ira-shira” (“Sumerki”) filmida epizodik rol edi. Shu film mening eng katta yutug‘im bo‘lgan. Chunki amerikalik aktyorlar 4—5 yil rol ijro etib ham “Kinoaktyorlar Gildiyasi”ga a’zo bo‘la olmayotgan bir paytda, men bir oy ichida a’zo bo‘lganman.

Foto: MyDay

Rollarim

Tashqi ko‘rinishim salbiy rolga mos bo‘lgani uchun va salbiy obrazlarni yaratish menda qiyinchilik tug‘dirmagani sababli ko‘proq salbiy rollarni o‘ynayman. “Oyqiz ertagi” filmida ijobiy rolda namoyon bo‘lganman va yaqinda ekran yuzlarini ko‘rish arafasida turgan “Temur” filmida ham salbiydan ijobiyga o‘zgaradigan qahramon obrazini yaratganman. Yana o‘zimni bachkana bo‘lmagan komediya janrida ham sinab ko‘rish istagim bor.

Foto: MyDay

Oxirgi rollarim

Rol ijro etgan oxirgi filmlarim – “Daydi”, “Temur”, “Qotillar o‘yini”. “Temur” filmi haqida gapiradigan bo‘lsam, u Vatanga bo‘lgan sevgi, oilaga bo‘lgan muhabbat to‘g‘risida. Film rejissori Nodir Mo‘minov. Badiiy rahbar Ayub Shahobiddinov. Premyera yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadi.

Foto: MyDay

Gonorarim

Amerikada “Kinoaktyorlar Gildiyasi”ga a’zo bo‘lishimdan avval soatiga sakkiz AQSh dollari miqdorida gonorar olar edim. Gildiyaga a’zo bo‘lgach, bir kunlik gonorarim 750 AQSh dollariga ko‘tarilgan. O‘zbekistonda esa bir kunlik suratga olish ishlari uchun 200 AQSh dollari atrofida gonorar olaman.

Foto: MyDay

Taxallusim

To‘liq ismim Nurmuhammad. U juda ham uzun bo‘lgani uchun amerikaliklarga o‘zimni tanishtirish qiyinchilik tug‘dirardi. Ular eslab qolishlari juda mushkul bo‘lgan. Alixan esa qisqa va esda qoladigan. Tana tuzilishim ham sportchilarnikiga o‘xshagani uchun Alixan deyishim bilan ularning ko‘z oldiga boksyor Muxammad Ali kelardi va ularga eslab qolish ancha osonlashardi.

Sport

Hayotimni sportsiz tasavvur qila olmayman. Deyarli har kuni sport zaliga boraman. Aktyor bo‘lish orzusi tug‘ilgach, tashqi ko‘rinishimga katta ahamiyat qaratadigan bo‘ldim. Har kuni trenajyor zaliga borib, tinmay shug‘ullanardim. Shu odatim hozir ham saqlanib qolgan.

Foto: MyDay

Foto: MyDay

Uylanishim

Uylanishim uchun ota-onam bilan birga Toshkentdagi butun tanish-bilishlar qiz qidirishgan desam, yolg‘on bo‘lmaydi. Rostini aytsam, o‘z malikamni topgunimga qadar 100 dan ortiq qizlar bilan uchrashib ko‘rdim, lekin yuragim jiz etadiganini uchratmadim. Taqdirni qarang, bir kuni menga bir qizning suratini ko‘rsatishdi, lekin suratdagi qizning dugonasi e’tiborimni tortdi. Surishtirib ko‘rdim va aynan shu qiz mening ko‘nglimdan joy oldi.

Foto: MyDay

Foto: MyDay

Oilam

Men oilamni, rafiqam va farzandlarimni juda ham qadrlayman. Ularga iloji boricha ko‘proq vaqt ajratishga harakat qilaman. Ko‘rinishimdan qattiqqo‘l va jahldorga o‘xshasam ham, aslida juda mehribonman.

Foto: MyDay

Foto: MyDay

Foto: MyDay

Rafiqasi Alixan haqida

Turmush o‘rtog‘im juda ham mehribon ota. Ayniqsa qizimizga mehri bo‘lak. Hozirda bir qiz va bir o‘g‘ilning ota-onasimiz. Men ularga ishonganim tufayli rashk qilmayman. Ularni juda ham hurmat qilaman. Qolaversa, ular bizga doimo vaqt ajratadilar. Men ularning tanlagan kasblarini tushunishga va ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman.

Foto: MyDay