Rossiyaning Birinchi kanalidagi “Inson va qonun” ko‘rsatuvida 2011-yili pedofiliyada ayblanib, sud tomonidan oqlangan jarroh Vladimir Tapiya-Fernandes esga olindi. Aniqlanishicha, hozirda plastik jarrohlik bilan shug‘ullanayotgan shifokor Toshkentda yashayotgan ekan, deb xabar beradi “Novosti Uzbekistana”.
Hozirda u yangi oila bilan yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Jarrohning sobiq rafiqasi unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga erishmoqchi.
Ko‘rsatuv chog‘ida shifokorning birinchi nikohidan bo‘lgan qizi Kristina Tapiya otasi hatto unga ham tegajog‘liq qilganini aytib o‘tdi.
“Uni haqiqiy buzuq deb hisoblayman, uning joyi qamoqda”, — dedi Kristina.
Ma’lum bo‘lishicha, jarrohning sobiq rafiqasi Natalya Ivanova unga qarshi qaytadan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi uchun harakat qilmoqda. Ish yuzasidan uning qizi Kristina ham ko‘rsatma berishga tayyor. Muxbirning u nega shu paytgacha jim yurgani haqidagi savoliga javoban qiz uyalganini aytdi. Shuningdek, u otasini qutqarish uchun onasi bilan katta qarz olganini, lekin oqlangach, otasi ularni tashlab ketganini, ular esa haligacha kredit to‘layotganini ta’kidladi. Kristina otasi hozir tarbiyalayotgan bolalar taqdiridan xavfsirayotganini qo‘shimcha qildi.
2011-yili Vladimir Tapiya pedofiliyada ayblangan, ammo 2013-yili oqlangan edi. Hozirda u Toshkentda yashaydi va bu yerdagi klinikalardan birida ishlaydi. Buni klinika vakillari tasdiqladi.
Izoh (0)