21-oktabr til bayrami ekan, shu munosabat bilan tilning dolzarb muammolaridan birini esga oldim.

20-oktabr kuni, “Til to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishining 28 yilligi arafasida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzuidagi ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Dastlab ushbu anjuman doirasida isloh etilgan lotin alifbosi loyihasi muhokamasi ham o‘tkazilishi yuzasidan axborot berilgan edi, ammo keyinroq ba’zi sabablarga ko‘ra imlo masalasi bo‘yicha alohida tadbir tashkil etilishi aytildi.

Shunga qaramay, yangi alifbo internetda e’lon qilib bo‘lingan edi va, garchi unga rasmiy anjuman zallaridan joy topilmagan esa-da, loyiha Facebook sahifalarida muhokama qilib bo‘lindi. Bildirilgan turli-tuman fikrlarni umumiylashtirib aytadigan bo‘lsak, muhokamalarning ko‘pchilik ishtirokchilari amalga oshirilgan o‘zgarishlardan qoniqmaganini payqash qiyin emas. Asosli tanqidning foydasini tan olgan holda, ayrimlar ortiqcha hissiyotga berilib ketayotganiga befarq qarab tura olmadim.

Gohida bahs ishtirokchilari e’tirozlarini alifbo loyihasi ustida ishlagan til komissiyasi a’zolariga ko‘chirib, ularni bilimsizlikda, mas’uliyatsizlikda ayblaganini ko‘rdim. Ishoning, komissiya ishtirokchilari sohaning yetuk mutaxassislari, ustoz olimlar va yaxshi insonlardir. Lekin asl masala boshqa: ular tomonidan tayyorlangan alifbo loyihasi kattakon o‘zgarishlarni kutgan fuqarolarni hafsalasini pir qilgan bo‘lsa, muammo komissiya oldida turgan missiyadadir? Topshiriqni bergan hukumat tilshunoslarning oldiga qanday vazifalarni qo‘ygan edi? Balki ulardan katta o‘zgarishlarni amalga oshirish emas, kichik texnik tuzatishlar kiritish talab etilgandir? Ularning nuqtai nazari boshqa-yu, talab boshqa bo‘lsa-chi? Bu savollarga javoblarni bilmay turib xulosa qilishga shoshilmagan bo‘lar edim. Qolaversa, uzoq yillardan buyon birinchi marta ushbu komissiya til va imlo muammolarini keng omma muhokamasiga olib chiqqanining o‘ziyoq katta siljish bo‘lganini e’tirof etish kerak.

Endi loyihaning o‘ziga to‘xtalsam. Bir qarashda ko‘zga tashlanadigan jihat — avval-boshidan aytilganidek, taklif etilayotgan tuzatmalardan ko‘zlangan birlamchi maqsad yozuvning texnik qulayligini ta’minlash bo‘lgan. Bundan tashqari, tovush tarkibiga daxldor kichik bir shtrix ham loyihadan o‘rin olgan.

Birinchi navbatda digraflardan (qo‘shtovushlardan) va apostrofli harflardan voz kechib, o‘rniga mavjud grafemalarni diakritika bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Jumladan, Sh — Ş, Ch — Ç, O‘ — Ŏ, G‘ — Ğ shaklida yozilishi ko‘zda tutilgan.

Umuman, komissiya ishi boshlanganidan buyon juda katta urg‘u digraflarga berildi, ular noqulaylik tug‘dirishi, tovushlarni bitta harf bilan ifodalash maqsadga muvofiqligi qayta-qayta uqtirildi. Lekin bunday yondashuvga qo‘shilmagan bo‘lardim. “Qulaylik” deganda nimani tushunamiz o‘zi? Bilishimcha, islohot tarafdorlari bitta fonemani ifodalash uchun ikkita harfni bosishni, ya’ni klaviaturada ikkita harakatni amalga oshirishni “noqulaylik” sanamoqda. Unda savol tug‘iladi: lotincha standart QWERTY klaviaturasida mavjud bo‘lmagan diakritikali harflarni kiritish, buning uchun yangi dasturiy ta’minot ishlab chiqish, yangi belgilar joylashuviga o‘rganish “noqulaylik” emasmi?

Shu yo‘ldan borgan xalqlar tajribasini o‘rgansak, qiziq tendensiyaga guvoh bo‘lamiz. Xususan, turklarda Ş, Ç, Ö, Ğ, Ü, İ diakritikali harflari mavjud, lekin ular klaviaturaning bir chekkasida joylashgani bois qo‘l o‘rganishi uchun qiyinchilik tug‘diradi. Buning natijasida internetdagi matnlarda, yozishma va suhbatlarda turklar ularni deyarli ishlatmaydi, o‘rniga S, C, O, G, U, I qo‘llanadi, so‘z ma’nosi esa kontekstga qarab tushunilib ketaveradi. Yuqorida keltirilgan harflarning o‘zbek lotinchasiga kiritilishi bizda ham shunday holatni keltirib chiqarmasmikin? Uzoqqa bormaylik, o‘zbekcha kirill yozuvidagi “Ў”, “Қ”, “Ғ”, “Ҳ”lardan yozishmalarda va hattoki ba’zi idoralarning rasmiy xatlarida deyarli foydalanilmaydi. Menimcha, yozuvdagi hamma belgilar dunyoning istalgan chetidagi klaviaturadan topilishining o‘ziyoq o‘zbek lotinchasining qulayligi va ulkan yutug‘idir.

Qizig‘i, Ng qo‘shharfining saqlab qolingani til komissiyasi faoliyatining digraflardan qutulish yo‘nalishiga zid keladi. Bu qaror nega qabul qilingan — menga qorong‘u. Yuqoridagi mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Ng o‘rniga Ŋ episemasini kutish lozim edi.

Nihoyat, tilshunoslar “Ц” tovushini ifodalash uchun C harfini joriy etishni rejalashtirmoqda. Mazkur band ham men uchun tushunarsiz bo‘ldi, negaki bu faqat texnik o‘zgarish kiritish konsepsiyasidan chetga chiqib, tilning fonetik tarkibiga ham ta’sir o‘tkazishni nazarda tutadi. Adabiy til talaffuz me’yorlarini yangilash imkoni bor ekan, unda boshqa fonetik muammolarni ham birvarakayiga hal qilgan ma’qul emasmi? H/X dilemmasi, old va orqa qator unlilari masalasi o‘zbek so‘zlashuv tilida mutlaqo ishlatilmaydigan “Ц” fonemasini qaytarishdan ko‘ra muhimroq, nazarimda.

Yuqoridagilar mening shaxsiy mulohazalarim edi. Til, yozuv masalasida mutlaqo xolis, barchaga ma’qul fikrni aytish — imkonsiz ish. O‘z ko‘z qarashimni esa oldinroq batafsil aytib bo‘lganman — biryo‘la katta yangilik kiritish, shevalar tovush tarkibini yozuvda aks ettirish tarafdoriman. Mana shunday jiddiy innovatsiya amalga oshirilmas ekan, ikki-uchta kichik tuzatish bahonasida yozuv tizimini isloh qilish, yana bir avlodni qaytadan alifbo o‘rganishga majbur etish samarasiz yo‘ldir. O‘zgarishlar katta bo‘lsagina jiddiy natija kutish mumkin, ana shunda diakritika ham, yangi tovushlar ham asosga ega bo‘ladi va o‘z o‘rnini topadi.

Nihoyat, yangi alifboning joriy etilishi matn bilan bog‘liq hamma narsaning almashtirilishini taqozo etadi: ko‘chadagi peshlavhalar, e’lonlar, joy nomlari, boshqa shakldagi ko‘cha yozuvlaridan tortib, darsliklar, davriy matbuot nashrlari, gazeta-jurnallargacha — bari-bari almashishi kerak. Bu ishlarni bajarish uchun davlat budjetidan qancha pul ketishini aniq ayta olmayman, lekin xarajatlar katta bo‘lishiga shubham yo‘q.

PS: Masalaning boshqa qirralari ham bor, albatta. Ana shunday masalalardan biri haqida qiziqarli material.