Toshkentda 20-oktabr kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar adliya vazirlarining beshinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: Facebook / O‘zbekiston TIV

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston adliya vazirlari, Xitoy adliya vaziri o‘rinbosari hamda ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega Afg‘oniston, Belarus va Eron adliya vazirlari ishtirok etdi. Shuningdek, ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori o‘rinbosari qatnashdi.

Majlisda ShHTga a’zo davlatlar adliya vazirlarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ushbu sohada tajriba almashish borasidagi hamkorligini yanada faollashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, fuqarolar va biznesga yuridik xizmat ko‘rsatish sifatini izchil yuksaltirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish, ShHT makonida investitsiyalarni huquqiy qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston tomoni tashabbusiga ko‘ra investitsiyaviy qonunchilikni takomillashtirish, investitsiya kiritishni yengillashtirish va ushbu jarayondagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha huquqiy sharoitlarni yaratish masalalari qizg‘in muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, ShHTga a’zo davlatlar fuqarolari uchun fuqarolik va oila masalalari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish, so‘rovlar sifatini oshirish va ular o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi mexanizmini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jamiyatda qonuniylikni ta’minlash va fuqarolar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoyalashga xizmat qiladi.

Uchrashuvda ishchi guruhlarning sud ekspertizasi va ShHTga a’zo davlatlarga yuridik xizmatlar ko‘rsatish sohasida hamkorlik qilish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar tasdiqlandi.

Majlis yakunida ShHTga a’zo davlatlar adliya vazirlari tomonidan Qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu hujjatda Shanxay hamkorlik tashkilotini 2025-yilgacha rivojlantirish Strategiyasiga to‘la mos keladigan, tashkilotga a’zo davlatlar Adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.

“Majlis ishchan, do‘stona va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Anjuman yakunida adliya vazirlari yuksak darajada tashkillashtirilgan tadbir uchun minnatdorlik izhor qildi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan barcha takliflar o‘zining amaliy ifodasini topishiga va belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarishda ta’sirchan mexanizmga aylanishiga ishonch bildirdi.