Qarshining “Nasaf” klubi ustozi Ro‘ziqul Berdiyev 14-noyabr kuni Amirlik termasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasini bosh murabbiy sifatida maydonga boshlab tushadi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘FF

Bu boradagi xabar birinchi bor norasmiy tarzda ko‘rinish berganida, O‘FF yakuniy qaror tashkilot prezidenti Qatar safaridan qaytib kelgach aytilishini bildirgandi. Prezident Umid Ahmadjonov endilikda Berdiyev nomzodini tasdiqdan o‘tkazdi.

Biz kelajak uchun istiqbolli rejalar tuzayapmiz. Demak, milliy terma jamoani ham yoshartirish yo‘lidan boramiz. BAAga qarshi o‘yin iqtidorli yoshlarni saralab olish imkonini beradi. Jamoani maydonga Ro‘ziqul Berdiyev boshlab tushadi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Avvalroq tashkilot milliy terma jamoaga xorijdan murabbiy olib kelishi haqida aytib, bu ish 20—25 kun ichida hal bo‘lishini ma’lum qilgandi. Hozirgacha bir qator chet ellik mutaxassislar varianti ko‘rib chiqilgan, biroq bunda O‘FF talablariga javob beradigani topilmagan. Umid Ahmadjonov O‘FF talablari aynan nimadan iborat ekaniga oydinlik kiritmagan.

BAA va O‘zbekiston milliy termalari ishtirokidagi o‘yin 14-noyabr kuni Amirliklarda bo‘lib o‘tadi. Mazkur bellashuv uchun tayyorgarlik qachondan boshlanishi hamda Ro‘ziqul Berdiyevning “Nasaf”dagi faoliyati nima bo‘lishi masalasini O‘FF ochiqlamagan.

Amirlik termasiga qarshi o‘yin O‘zbekiston termasini Samvel Babayan tark etganidan so‘ng birinchisi bo‘ladi.