Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish yetakchisi — Microsoft Corp. kompaniyasining bozor qiymati 600 milliard dollardan oshdi. Bu 19-oktabr kungi savdolar yakunlariga ko‘ra qayd qilindi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Oxirgi marta AQSh kompaniyasi 2000-yil 3-yanvarida bozorda ushbu qiymatni qayd qilgan edi.
Microsoft aksiyalari kotirovkalari 0,4 foizga o‘sib, 77,91 dollarga yetdi. Joriy yil boshidan buyon o‘sish 25,4 foizni tashkil etdi. Bu 2013-yildan buyon qayd etilgan eng katta yillik o‘sish bo‘ldi.
Narxlarning oshishi Microsoft bulutli texnologiyalardagi muvaffaqiyatlaridan so‘ng yana katta o‘yinga qaytganini ko‘rsatadi, deb qayd qilib o‘tdi tahlilchilar.
Standard & Poor’s 500 fond indeksi hisobiga kiradigan kompaniyalar orasida Microsoft kapitalizatsiya bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi — u faqat Apple Inc. (800 milliard dollar) va Alphabet Inc. (690 milliard dollar) korporatsiyalaridan ortda qolmoqda.