Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” futbol klubi Osiyo Chempionlar Ligasining finaliga yo‘l oldi va klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ishtirok etish uchun navbatdagi qadamni tashladi.

Foto: “Al-Hilol”

Yarim finalda klub Eronning “Persipolis”i bilan duch keldi. Tomonlarning Dubayda kechgan ilk o‘yinida saudiyaliklar yirik hisobda ustun kelgandi — 4:0. Muskatdagi javob uchrashuvi jangovor durang bilan yakun topdi — 2:2.

Suriya milliy terma jamoasi hujumchisi Umar Xarbin Dubaydagi o‘yinda xet-trik qayd etgan bo‘lsa, javob bellashuvida “Al-Hilol”ning har ikkala goliga ham mualliflik qildi.

“Al-Hilol” va “Persipolis” guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lib, har ikki o‘yinda ham g‘olibni aniqlab bo‘lmagandi — 1:1, 0:0.

*Saudiya va Eron o‘rtasidagi nizo sabab, mazkur mamlakat jamoalari o‘zaro to‘qnashuvlarni neytral mamlakatlar, masalan, Ummonda, BAAda o‘tkazib keladi.

“Al-Hilol” Chempionlar Ligasining yangi formatiga asos solingan 2003-yildan buyon finalga faqatgina bir marta — 2014-yilgi mavsumda yetib kelgan bo‘lib, Avstraliyaning “Vestern Sidney” klubiga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.

Finalning ikkinchi ishtirokchisi bugun — 18-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Urava Red” — “Shanxay SIPG” o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng aniq bo‘ladi. Odil Ahmedov to‘p suradigan Shanxay klubi o‘z maydonida raqibini yenga olmagandi — 1:1.

Osiyo Chempionlar Ligasi

Yarim final

17-oktabr, seshanba

“Persipolis” (Eron) — “Al-Hilol” (Saudiya) 2:2

Gollar: Godvin Menha, 16 (1:0). Umar Xarbin, 30 (1:1). Godvin Menha, 62 (2:1). Umar Xarbin, 76 (2:2).

Dastlabki o‘yin: 0:4

Osiyo Chempionlar Ligasining g‘olibi shu yilning 6-dekabr kuni BAAda start oladigan klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ishtirok etadi. Mundialda BAA chempioni “Al-Jazira” va Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi sifatida Madridning “Real” klublari ham qatnashadi.

*“Al-Jazira” safida o‘zbekistonlik Sardor Rashidov to‘p suradi.