Diversity Visa Lottery 2019 — GreenCard viza lotereyasi tashkilotchilari arizalarni topshirishning yangi muddati 18-oktabr, chorshanba kunidan boshlanganini ma’lum qildi, deb xabar berdi “Korrespondent.net”.

Foto: “Korrespondent.net”

“Texnik muammolar bartaraf etildi. Arizalarni topshirishning yangi muddati 2017-yilning 18-oktabri, chorshanba kunida boshlanadi va sharqiy vaqt standart bo‘yicha 2017-yilning 22-noyabriga qadar davom etadi”, — deyiladi xabarda.

Idoraning rasmiy vakili Puji Junjunvalining so‘zlariga ko‘ra, Davlat departamenti arizachilarga 3-dan 10-oktabrga qadar topshirilgan arizalarga bog‘liq barcha hujjat va nomerlarni “tashlab yuborish”ni maslahat bergan.

Davlat departamenti oktabr boshida ro‘yxatdan o‘tganlarning elektron pochtasiga dvlottery.state.gov saytiga kirish va u yerdagi muhim axborot bilan tanishish borasida xat yuboradi.

Avvalroq, lotereya natijalarini aniqlash muddati ham o‘zgargani haqida xabar berilgandi. Endilikda javoblarni 2018-yil 15-maydan so‘ng bilish mumkin.