O‘tgan hafta men universitet, biznes-markaz, vazirlik, hokimlikka bordim va… bilasizmi, nima haqda o‘yladim? Portalga yozib, Toshkent arxitektura va qurilish instituti “O‘zbekistonda asosiy kirish eshigisiz binolarni loyihalashtirish” degan dars joriy qilishi uchun qonun, buyruq, qaror yoki boshqa qandaydir hujjat chiqarilishiga erishish kerak, degan fikr xayolimdan o‘tdi.

Foto: Baxtiyor Nasimov

Yuqorida sanab o‘tilgan barcha muassasalarda markaziy kirish eshiklari taqa-taq yopib qo‘yilgan bo‘lsa va ichkariga kirish uchun binoni aylanib o‘tib, orqadan yoki yondan kirishga to‘g‘ri kelsa, asosiy kirish eshigi nimaga kerak? Kirish eshiklari doim yopiq bo‘lib, ustiga-ustak, baland qora panjara bilan to‘silib tursa, siz va bizning soliqlarimizni ularni loyihalashtirish va qurishga sarflashning nima keragi bor?

Faqat menga “Ogohlik — davr talabi” deya ko‘rmang. Siz va bizga so‘nggi bir necha yillarda qabul qilingan ko‘plab g‘alati qarorlar haqida aynan shunday deb aytishgan. Ammo hayot shuni ko‘rsatdiki, shahar va mamlakat yo‘llar ochiq turgan holatda ham bemalol yashashi va ishlashi mumkin ekan.

Foto: Baxtiyor Nasimov

Keling, siz bilan o‘tgan yil ichida yuz bergan faktlarning ba’zilarini esga olamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan quyidagilar amalga oshirildi, ushbu qarorlar eng yuqori darajada qabul qilinganiga esa hech qanday shubha yo‘q:

2016-yilning oktabr-noyabri.

  • Oybek va Fidokor ko‘chalari kesishmasidagi 2015-yilda olib tashlangan piyodalar o‘tish joyi qayta tiklandi.
  • Afrosiyob ko‘chasining Sharof Rashidov shoh ko‘chasi va Beshyog‘och ko‘chasi oralig‘idagi qismida harakat ochildi.
  • Taraqqiyot ko‘chasidan Hamid Olimjon maydoniga kirish yo‘li ochildi.

2017-yil fevrali.

  • Mustaqillik shoh ko‘chasidan Tamaraxonim ko‘chasiga o‘tish yo‘li (“Darxon” kafesi yaqinida) ochildi, u 2015-yil yozida yopib qo‘yilgan edi.

2017-yil iyuli.

  • Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi M-39 avtoyo‘lining Qozog‘istonning Paxtaorol tumani orqali o‘tuvchi qismi ochildi. Yo‘lning 25 km uzunlikdagi ushbu qismi 2006-yilda yopilgan edi.

2017-yil sentabri.

  • Toshkentda Kichik halqa yo‘lidan o‘tuvchi qayta tiklangan yo‘l o‘tkazgich ko‘prik ochildi. U 2008-yilda demontaj qilingan edi.

2017-yil oktabri.

  • Sharof Rashidov shoh ko‘chasining kichik o‘rmonchaga aylanishga ulgurgan qismi yana ochildi.

Yuqorida tilga olingan holatlarning har birida shahar va mamlakat yillar davomida millionlab tonna ortiqcha yoqilg‘i va millionlab soat ish vaqtini sarfladi. Bizga esa “Ogohlik — davr talabi” deyishdi va yangidan-yangi yo‘llarni to‘sishni o‘ylab topaverishdi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti doimiy ravishda va og‘ishmasdan ham jismoniy, ham ruhiy to‘siqlarni olib tashlamoqda. Buning ustiga, ruhiy to‘siqlarni bartaraf qilish jamoatchilik uchun yo‘llar va ko‘priklarni qayta tiklashdan ko‘ra osonroq kechishi fakt emas.

Foto: Baxtiyor Nasimov

Endi bizning hamma yerda va hamma vaqt yopiq va qulflog‘liq turadigan markaziy va asosiy kirish eshiklarimizga qaytamiz. Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida mushtariylarga murojaat qilib, bosh eshikdan emas, orqa yoki yon tomondagi eshikdan kiriladigan muassasalarni aytishlarini so‘radim.

Natija hatto meni ham hayratda qoldirdi. Mushtariylar butun shaharni sanab o‘tishdi. Hozir menga barcha nuqtalarni kezib chiqib, joylarda ishonch hosil qilish qiyin, biroq javob yozganlar sanab o‘tgan idoralar quyidagicha:

  • “Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Korporativ boshqaruv markazi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi”.
  • “Vazirlar Mahkamasi binosi. Panjaralar yo‘q, ammo qabulxonaga kichik o‘tkazish idorasi orqali kirasiz. O‘tirish uchun joy beshtadan ko‘p emas. Qishda isitilmaydi, yelvizak bo‘ladi. Ammo xodimlar asosiy eshikdan kirishadi, u yerda katta foye, divanlar bor. Ko‘pchilik qariyalar qabulxonaga kirish uchun tik turib navbat kutadi”.
  • “Tashqi ishlar vazirligi”.
  • “Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, Axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vairligi, O‘zAvto, Ichki ishlar shahar boshqarmasi binosi, Moliya vazirligi”.
  • “O‘zbekinvest” Milliy sug‘urta kompaniyasi, Ipak yo‘li banki, O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi”.
  • “TTZdagi Advokatlar palatasi, Mirzo Ulug‘bek FHDYo”.
  • “Deyarli har qanday bank, har qanday davlat muassasasi. Markaziy kirish eshigi “rahbar odamlar kelib qoladigan” vaziyatlar uchun rejalashtirilgan va qurilgan. Ular esa kelmaydi”.
  • “Eski Konservatoriya, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (basseyn joylashgan joyda)”.
  • “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va asosiy kirish eshigi katta yo‘lga qaragan ko‘plab binolar”.
  • “Bizning vazirlikda faqat vazir bosh eshikdan kiradi, qolganlarning barchasi yon tomondagi kirish eshigidan foydalanadi”.
  • “Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi. Asosiy kirish eshigi bor, ammo u nima uchundir yopiq. O‘tgan yili asosiy kirish eshigi yonidagi, hokimlikning hovlisiga kirish imkonini beruvchi eshikcha ochiq edi. Endi esa u yopib qo‘yilgan, hokimlikka esa aylanib o‘tish va ko‘prikdan o‘tish orqali kirish mumkin”.

Bu hali to‘liq ro‘yxat emas. Agar mushtariylar aytgan bino, muassasa va idoralarning qaysidir birida markaziy kirish eshigi allaqachonlar ochib qo‘yilgan bo‘lsa, biz bu yangilikni mushtariylar bilan o‘rtoqlashishdan faqat xursand bo‘lamiz.

Muassasalarni o‘rab turgan panjaralar, zichlab yopib qo‘yilgan eshiklar faqat bir qarashda muhim emasdek tuyuladi. Mayda-chuyda narsaning o‘zi bo‘lmaydi. Ochiq va shaffof jamiyatda saylovchilar va ular saylagan kishilar, fuqarolar va idoralar o‘rtasida to‘siq bo‘lmasligi kerak. Ustunlari va ulkan kirish eshiklari bo‘lgan katta va chiroyli binolar quryapmizmi, demak, faqat orqa eshikni ochib qo‘yish odatidan qutulish vaqti keldi. Aks holda, Toshkent arxitektura va qurilish institutida haqiqatan ham asosiy kirish eshigi bo‘lmagan binolarni loyihalashtirishni o‘rgatish kerak bo‘ladi.

Baxtiyor Nasimov, “Daryo” sharhlovchisi.