O‘zbekiston Prezidenti 16-oktabr kuni “Respublikada asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Qarorga berilgan rasmiy sharhda qayd etilishicha, mamlakatda asalarichilik sohasida 12 mingdan ortiq tadbirkor faoliyat ko‘rsatmoqda. 2016-yilda 12 ming tonna asal yetishtirildi. Bu 2015-yilga nisbatan 1,2 marta ko‘pdir.
Asal ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan samarasiz foydalanish asalarichilik tarmog‘ining eng zaif bo‘g‘ini hisoblanadi. Natijada asalari oilalarining mahsuldorligi 20 kilogrammdan oshmaydi, bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham pastdir.
Mazkur qaror bilan asal yetishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirishga, asalari paketlari bilan xo‘jaliklarni ta’minlashga, asal yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga yo‘naltirilgan 2017−2021-yillarda asalarichilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2017 yildagi 15,4 ming tonnadan 2021-yilga borib 23,7 ming tonnagacha yetkazish nazarda tutilgan.
“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari etib asal mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, asalari paketlari yetishtirish va ozuqa bazasini mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, asal yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish belgilab qo‘yildi.
2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
AT “Aloqabank” huzurida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida lizing kompaniyasi tashkil etiladi, unga tijorat banklari kreditlari va lizing kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobidan asalari uyalari, ular uchun zarur jihozlar, anjomlarni va asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan inventarlar, maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalni qadoqlash texnologik liniyalari va boshqa lizing obyektlarini lizing asosida yetkazib berish vazifasi yuklatilgan.
Asalarichilik xo‘jaliklari tomonidan asal yig‘ish mavsumi davomida o‘rmon fondi yerlaridan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan (davlat qo‘riqxonalari, biosfera rezervatining qo‘riqlanadigan zonasidan tashqari), tog‘ va tog‘oldi hududlaridan, tabiiy pichanzor va yaylovlardan hamda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasiga a’zo tashkilotlar tomonidan olib kelinadigan naslli materiallar (mahsulot), asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan inventarlar va uskunalar, asalari uyalarini tashuvchi maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan veterinariya dori vositalari va preparatlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yog‘och va zarur materiallar, penopoliuretan, ularga yordamchi uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mumparda va mum mahsulotlarini 2023-yilning 1-yanvarigacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etish bo‘yicha imtiyoz berildi.
Izoh (0)