Samarqand ziyolilari va mеhnat faxriylari paxta yig‘im-tеrimida “zarbdor 30 kunlik” e’lon qilish bo‘yicha xalqqa murojaat qildi. Murojaat matni viloyat hokimligining rasmiy saytida keltirildi.
“Mamlakatimizda paxta xirmonini taqdiri hal bo‘ladigan palla keldi. Hosil dehqonlar, qishloq ahli, tuman markazlari va shaharlardagi uyushmagan aholi yordamida terib olinmoqda. Xizmat haqining har kuni naqd pulda berilishi, yashash sharoiti yaratilgani bois ko‘plab yurtdoshlarimiz ongli ravishda etak bog‘lab dalaga chiqmoqdalar”, — deyiladi murojaatda.
Biroq, ta’kidlanishicha, hosilning mo‘l-ko‘lligi, qolaversa, ob-havoning tez-tez o‘zgarib turishi katta mehnat evaziga yetishtirilgan xomashyoni tezroq yig‘ishtirib olishni taqozo etmoqda. Bunday paytda mehnatga yaroqli har bir fuqaroning paxta terimiga chiqishi xirmon taqdirini hal qiladi.
“Aynan shuning uchun ham biz viloyat ahliga murojaat qilishni lozim topdik”, — ta’kidladi ziyolilar.
“Bizda paxta taqdirini faqat dehqon zimmasiga yuklab qo‘yish munosabati yo‘q emas. To‘g‘ri, uni dehqon ekadi, yetishtiradi va sotadi. Lekin ushbu hosil ne’matlaridan barchamiz foydalanamiz. Ustimizdagi libosdan tortib, taomga solinadigan yog‘, chorva mollariga beriladigan vitaminga boy ozuqa ham shu xom ashyodan olinadi. Paxtani qayta ishlovchi korxonalarda o‘zimizning farzandlarimiz ishlaydi. Paxta milliy boyligimiz, deganda ana shu omillar nazarda tutilishini esdan chiqarmaylik”.
Viloyatda joriy yilda 85500 gektar maydonda paxta hosili yetishtirildi. Shartnomaviy rejani 85 foizdan ko‘prog‘i bajarildi. Ammo, mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, viloyat dalalarida yana 60 ming tonnadan ortiq paxta hosili mavjud. Uning uchdan bir qismi, ya’ni 20 ming tonnasi sifatli toladir. Bir tonna o‘zbek paxta tolasining bugungi jahon bozoridagi o‘rtacha narxi 1800 dollarni tashkil etmoqda. Demak, Samarqand dalalarida hali qariyb 36 million dollarga teng paxta xomashyosi yotibdi. Bundan tashqari, shu miqdordagi tolani qayta ishlash orqali g‘aznaga 28 milliard so‘mlik ip-kalava va 421 milliard so‘mlik gazlamadan mablag‘lar kelib tushishi mumkin. Shu miqdordagi hosildan 5,4 ming tonna yog‘, 28,8 ming tonna chorva mollari uchun ozuqa-yem olinadi.
“Respublika jamoatchiligining, xususan, ijodkor ziyolilarning paxta yig‘im-terimida zarbdor 30 kunlik e’lon qilishi, uyushmagan aholini bu savobli ishga da’vat etish tashabbusiga biz ham chin dildan qo‘shilamiz. Samarqand ziyolilari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari, ijodkorlar, san’atkorlar bugundan e’tiboran qishloq ahliga yordamga chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqmoqdamiz”, — deyiladi hujjatda.
“Kasbi, yoshi, turar joyidan qat’iy nazar, viloyatda yashovchi har bir mehnatga layoqatli fuqaro zarbdor oylik davomida o‘zini paxtakor deb bilib, etak bog‘lab dalaga chiqsin, oila a’zolari, tanish-bilishlarini o‘zi bilan birga ergashtirsin”.
“Hamma paxta yig‘im-terimi uchun e’lon qilingan zarbdor oylikka!”, — degan xitob bilan yakunlanadi murojaat.
Izoh (0)