Bir muddat avval Rossiya tarkibidagi respublika — Boshqirdiston poytaxti Ufa shahri yaqinidagi katta avtoturargohda GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan yuzlab Matiz, Gentra, Nexia avtomobillari kamida ikki yildan beri qarovsiz yotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Dastlabki xabarlarda mazkur avtomobillarni tasarruf etuvchi Ufadagi mahalliy avtosalon soliqdan katta qarzdorlik sabab xonavayron bo‘lgani, sud ishi cho‘zilib ketgani sabab, avtomobillari qo‘riqlov tizimi mavjud maxsus turargohda bir necha yildan beri qolib ketgani ta’kidlangan edi.

O‘z vaqtida bu avtomobillarni O‘zbekistonga qayta olib ketishga urinish bo‘lgan, biroq ular xatlangani bois, bojxonadan o‘tkazilmagan. Avtomobillarni kimlar, qachon va nima uchun O‘zbekistonga qaytarib olib ketishga uringani ma’lum qilinmagan.

“Za rulyom” nashrining yozishicha, bu avtomobillari Rossiyaning Voronej shahridagi avtosalon tomonidan sotib olingan va bu yuzlab mashinalarning egasi ham o‘sha Voronejdagi avtosalon hisoblanadi. Qayd etishlaricha, avtomobillarning bir qismi hali hatto bojxona rasmiylashtiruvidan ham o‘tmagan.

“Voronejdagi avtosalonning hozirgi kundagi asosiy bosh og‘rig‘i — qolib ketgan bu avtomobillarni bosqichma-bosqich sotish va texnikani bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishdir”, — deb yozadi “Za rulyom” nashri.

GM Uzbekistan mazkur xabarlarga hozircha hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.

Qayd etish joiz, Ufa ostonasidagi avtoturargohda bir necha yildan beri yotgan bu O‘zbekiston avtomobillari Daewoo brendi ostida Rossiyaga olib kirilgan. Hozirgi vaqtda Rossiyada Daewoo brendi o‘rnini Ravon egallagan.