AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi Green Card 2019 (DV 2019) lotereyasida onlayn ro‘yxatdan o‘tish muddati o‘zgartirildi. Bu haqda AQShning Ekvadordagi elchixonasi birinchi bo‘lib bayonot berdi, keyinchalik boshqa diplomatik manbalar tomonidan ma’lumot rasman tasdiqlandi, deb xabar qiladi ForumDaily.

Foto: DepositPhotos

Ro‘yxatdan o‘tish 2017-yil 3-oktabrdan boshlangan edi, ammo endilikda bu muxlat o‘zgartirildi. Shu paytgacha topshirilgan arizalar bekor qilindi.

“Texnik muammolar tufayli DV 2019 da ro‘yxatdan o‘tish muddati o‘zgardi, 2017-yil 18-oktabrga qadar to‘ldirilgan arizalar qaytadan to‘ldirib, yuborilishi lozim”, — deyiladi xabarnomada.

AQSh diplomatlari kelib chiqqan muammo yuzasidan uzr so‘radi:

“Keltirilgan noqulayliklar uchun afsusdamiz. Ammo jarayonning barcha manfaatdor tomonlar uchun adolatli va tizimli o‘tishini ta’minlash maqsadida biz joriy yilgi ariza topshirish jarayonini boshqatdan boshlashimiz lozim”.

DV 2019 ga ariza topshirishning yangi muddati —18-oktabrdan 22-noyabrga qadar. Hujjat to‘ldirishdagi talablar o‘zgargani yo‘q.

Lotereya natijalarini aniqlash muddati ham o‘zgardi. Endilikda javoblarni 2018-yil 15-maydan so‘ng bilish mumkin. Ilgari bu ish 2-maydan so‘ng amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi.

Green Card lotereyasining sayti 12-oktabrdan beri ishlamayapti. Sahifada texnik ishlar olib borilayotgani ko‘rsatilgan.