Ko‘pchiligimiz bolalikda uvalanadigan xamirni go‘sht qiymalagichdan chiqarib, atirgul yasab, pechenye pishirganmiz. Bugun ana shu uvalanadigan pechenye retseptini unutganlar uchun taqdim etamiz.

Foto: “Mega-povar.ru”

Zarur masalliqlar:

  • 3 ta tuxum
  • 150 g margarin
  • 200 g shakar
  • 1 choy qoshiq razrixlitel
  • 500 g un
  • yuziga sepish uchun shakar upasi

Tayyorlanishi:

Idishga xona haroratida yumshagan 150 g margarin va 200 g shakarni solib, mikser yordamida aralashtiramiz.

Unga 3 ta tuxumni qo‘shib, aralashtirishda davom etamiz.

Silliq massa hosil bo‘lgach, 500 g un va 1 choy qoshiq razrixlitelni asta-sekinlik bilan qo‘shib, qattiqqina, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoramiz.

Tayyor xamirni yirik teshikli go‘sht qiymalagichdan o‘tkazamiz (pichog‘ini olib tashlab) yoki qo‘lda ilonchalar yasaymiz. Bitta pechenye uchun bir xil uzunlikdagi uchta xamircha yetarli bo‘ladi.

Ilonchalarni avval eshib, so‘ng atirgul ko‘rinishida o‘raymiz. Umuman, pechenyeni o‘zingiz istagan shaklda yasashingiz mumkin.

Pechenyelarni listga terib, 180 darajagacha qizdirilgan duxovkada 15—20 daqiqa davomida pishiramiz.

Pechenyelar pishib chiqqach, yuziga shakar upasi sepamiz. Gulli pechenye tayyor, yoqimli ishtaha!