Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi shoh ko‘chalardan birining deyarli yarmini taksi to‘xtatish maqsadida egallab olgan piyodalar ustiga mashina haydagan haydovchining videosi paydo bo‘ldi. Videoyozuv piyodalar ustiga bosib borgan mashinaga o‘rnatilgan videoregistrator yordamida olingan. Unda haydovchining baqir-chaqiri, shuningdek, uni tinchlantirishga urinayotgan do‘stlarining ham ovozi eshitiladi.

Videoda Bunyodkor shoh ko‘chasining Chilonzor buyum bozori oldida 1-oktabr kuni yuzaga kelgan vaziyat ko‘rsatilgan. Unda piyodalarning juda katta guruhi yo‘l harakati qoidalariga xilof ravishda taksi to‘xtatish maqsadida yo‘lning yarmini egallab olgani, oqibatda tirbandlik kelib chiqqanini ko‘rish mumkin. Bundan norozi bo‘lgan haydovchi avtomobil signalini chalgani holda, mashinani piyodalar ustiga haydab, yo‘lning bitta harakatlanish bo‘lagini odamlardan “tozalab” ketavergan. Bu hodisa yo‘l-patrul xizmati xodimlari guvohligida yuz bergan. Hodisa oqibatida hech kim jismonan jabrlanmagan.

Mazkur vaziyatda piyodalarning harakatini ham, ularni go‘yoki tartibga solishga uringan haydovchini ham oqlab bo‘lmaydi. Masalan, haydovchining keskin harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning 128-5-moddasi 2-qismi bilan tasniflanib, haydovchi eng kam ish haqi (EKIH)ning o‘n baravari (14-oktabr holatiga ko‘ra — 1 497 750 so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Ayni vaqtda, piyodalarning belgilanmagan joyda yo‘lning harakat qismiga chiqib ketgani ularning har biriga MJtKning 138-moddasi 1-qismi bilan EKIHning uchdan bir qismi (49 925 so‘m) miqdorida jarima solishga asos bo‘lishi mumkin.

Shu sababli, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham ikki guruhga bo‘lingan — ba’zilar haydovchining qilgan ishini oqlagan, boshqalar piyodalarga achingan. “Haydovchi ruhiy nosog‘lom shekilli, u hech hurmatga loyiq ish qilmagan — odamlarni so‘kishga nima haqi bor? Juma kunlari masjidlar oldida mashinalarni 2-3 qatorlatib qo‘yishadi, hech kim hech nima demaydi, hamma hurmat bilan o‘tadi. Bu yerda haydovchi boshqalarga o‘xshab indamay o‘tsa ham bo‘lardi”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

“Nimani qoyil qilibdi bu haydovchi? Odamlarni haqoratlab, mashinasini ularning ustiga haydaganimi qahramonligi? Mashinadan tushib gapirsin edi, o‘sha yerda turgan yo‘l nazoratchilariga e’tiroz bildirsin edi! Qo‘rqadimi? Agar shu yerda yosh katta onangiz yo homilador ayolingiz, yosh bolali singlingiz bo‘lsa, mana shu ‘qahramon’ning shu ishiga o‘shanda ham hozirgidek qoyil qolarmidingiz?”, — deb savol qo‘ygan boshqa bir foydalanuvchi.

Haydovchining harakatini ma’qullagan foydalanuvchilardan biri (ular juda ko‘p) bu fikrga javob qaytargan: “Avvalo, o‘zini hurmat qilgan inson keksa onasini bir o‘zini, homilador ayoli yo yosh bolali singlisini bozorga tushirmaydi. Undan keyin, piyodalar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymay, belgilangan joydan o‘tishi kerak. Xudo ko‘rsatmasin, birov uni urib yuborsa, tamom — haydovchining qaramog‘iga o‘tib qoladi. Saviyani faqat haydovchilar emas, yo‘l qoidasiga rioya etmayotgan piyodalar ham oshirib borsa, qandaydir natijaga erishgan bo‘lardik. Qars ikki qo‘ldan chiqadi”.

Foydalanuvchilardan yana biri e’tiborga molik fikr yozib qoldirgan: “Haydovchi odamlarga yo‘l harakati qoidalarini ular tushunadigan tilda o‘rgatmoqda”.