Boshqirdiston poytaxti Ufa tashqarisida shaharliklar Daewoo rusumidagi avtomobillardan iborat ulkan avtoturargohni aniqladi, deb yozadi “Ufa.kp.ru”. U yerda Matiz, Gentra avtomobillarini ham ko‘rish mumkin, ammo eng katta maydonni Nexia’lar egallagan. Turargohga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan, u baland devor bilan o‘rab olingan, shuningdek, to‘rtta qo‘riqlov posti nazorati ostida.

Foto: “Kp.ru”

Nashr o‘z manbasiga tayanib ma’lum qilishicha, bir qancha vaqt avval avtosalonga ushbu chet el mashinalarini sotishni taqiqlab qo‘yishgan — soliqdan katta qarzdorlik yuzaga kelgan. O‘shanda avtomobillarni O‘zbekistonga olib chiqib ketishmoqchi bo‘lishgan, biroq bojxonadan ular xatlanganini ma’lum qilishgan.

O‘sha vaqtda mashinalarni sud ishi borayotgan vaqtda vaqtinchalik maxsus turargohga joylashtirishga qaror qilingan, ammo sud ishi cho‘zilib ketgan — mashinalar u yerda qariyb ikki yildan buyon turibdi.

Ufadagi chet el avtomobillari bilan savdo qiluvchi avtosalon esa ishlamasligi ma’lum bo‘ldi — u bir yil oldin yopilgan ekan. Uning qoshida ochilgan avtoservisdagilar esa rasmiy diler yaqin orada ish boshlamasligini aytdi. Nashr sud nozirlari xizmatiga so‘rov yubordi, muassasa yaqin orada javob berishi kerak.