Moskva sudi Vladimir viloyatida YTHga uchragan o‘zbekistonlik muhojirlarni olib kirishni tashkillashtirgan fuqaro Baydulla Naltayevni 4-dekabrga qadar hibsga oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: “TASS”

“Qozog‘iston vakili, gumondor Naltayevga nisbatan 4-dekabrgacha hibsga olish tarzidagi cheklash chorasi ko‘rildi”, — deyiladi sud matbuot xizmati bergan bayonotda.

Tergov ma’lumotlariga qaraganda, Baydulla Naltayev safarni tashkil qilgan va yo‘lovchilarni qidirgan. U har bir chet el fuqarosini Rossiyaga tegishli hujjatlarsiz olib kirish evaziga 5 ming rubl olgan.

Unga nisbatan RF JKning 238-moddasi 3-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu band iste’molchilar hayoti xavfsizligi va sog‘lig‘i talablariga javob bermaydigan, ehtiyotsizlik tufayli ikki yoki undan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan xizmatlarni tashkil etishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 6-oktabrda ro‘y bergan mudhish YTHda avtobus poyezd bilan to‘qnashib ketdi, buning oqibatida avtobusda bo‘lgan 58 kishidan 17 nafari, shu jumladan, ikki nafar voyaga yetmagan shaxs halok bo‘ldi. Yo‘lovchilar va qurbonlarning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari edi.