Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi ikki futbolchisini Angliya klubiga jo‘natdi

O‘zaro hamkorlikning ikkinchi bosqichi doirasida Toshkentning “Lokomotiv” klubi ikki yosh futbolchisini Angliyaning “Flitvud Taun” klubiga jo‘natdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

Foto: “Lokomotiv”

2015-yil har ikki klub o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan bo‘lib, avvaliga “Lokomotiv” rahbariyati Angliyada bo‘lgan, keyin inglizlarning o‘zi Toshkentga kelgandi. “Temiryo‘lchilar” klub imidjini shakllantirish uchun ham Angliya quyi divizionida ishtirok etadigan jamoa bilan hamkorlik qilishni istagan.

Buning natijasida “Flitvud Taun” 2015-yil o‘zbekistonlik ikki yosh futbolchi — darvozabon Rustam Nortojiyev hamda himoyachi Sergey Proxorovni 3 oylik mashg‘ulotlar uchun Angliyaga taklif qilgandi. 2017-yilning ikkinchi yarmiga kelib esa, “Flitvud Taun” yana ikki nafar futbolchini chaqirib olgan.

Aynan ingliz klubi iltimosiga ko‘ra, darvozabon Rustam Nortojiyev ikkinchi bor futbol vataniga bordi. Unga bu safar 17 yoshli Xurmatbek Yo‘ldoshev hamrohlik qilgan. Ular 3 oy davomida tumanli Albionda istiqomat qilib, “Flitvud”ning yoshlar jamoasi tarkibidagi o‘yinlarda ishtirok etadi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing