Qirg‘izistondagi qozoq diasporasi vakillari ikki mamlakat fuqarolarini provokatsiyaga berilmaslikka va do‘stona munosabatlarni saqlab qolishga chorladi. Bu haqda 12-oktabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi, deb xabar beradi KNews.

Foto: KNews

Qirg‘izistondagi qozoq diasporasi rahbari Marat Toktouchikovning qayd etishicha, Qirg‘iziston va Qozog‘iston xalqlari azal-azaldan yonma-yon tinch-totuv yashab kelgan, ikkala xalq umumiy tarixga ega.

“Ajdodlarimiz bizga do‘stlik va qarindoshlik munosabatlarini meros qoldirgan. Ayni vaqtda xalqlarimiz o‘rtasida o‘ziga xos munosabatlar mavjud. Ularni asrash va rivojlantirish kerak. Qayd etish kerakki, xalqlarimizni nafaqat tarixiy, balki iqtisodiy aloqalar ham bog‘laydi. Qozog‘istondan yirik investitsiyalar kiritilmoqda. Mazkur investitsiyalar hisobidan bir necha o‘nlab yirik budjetli tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga ijtimoiy yordam haqida ham unutmaslik kerak”, — deydi Toktouchikov.

Diaspora vakillari xalqlarni ijtimoiy tarmoqlar va odamlar orasida tarqalayotgan provokatsiyalarga berilmaslikka chorladi. Provokatsiyalar oqibatida oddiy xalq jabr ko‘rishi qayd etildi.