Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ishchi guruhi so‘nggi bir yil davomida alifbo va imlo masalasidagi 200 dan ziyod taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqdi. Bu haqda universitet vakili Saodat Muhamedova Facebook’dagi “O‘zbek tili jonkuyarlari guruhi”da axborot qoldirgan.

Saodat Muhamedovaning so‘zlariga ko‘ra, bildirilgan mulohazalarning 85 foizida joriy alifboni kompyuter texnologiyalari talablariga moslashtirish, yozuvni imkoni boricha qulaylashtirish kabi takliflar bildirilgan. Shundan kelib chiqib, ishchi guruh milliy alifboning quyidagicha yangi variantini taklif qilgan:

A a (“а”), B b (“б”), C c (“ц”), D d (“д”), E e (“э”), F f (“ф”), G g (“г”), H h (“ҳ”), I i (“и”), J j (“ж”), K k (“к”), L l (“л”), M m (“м”), N n (“м”), O o (“о”), P p (“п”), Q q (“қ”), R r (“р”), S s (“с”), T t (“т”), U u (“у”), V v (“в”), X x (“х”), Y y (“й”), Z z (“з”), Ŏ ŏ (“ў”), Ğ ğ (“ғ”), Şş (“ш”), Çç (“ч”), Ng ng (“нг” burun tovushi), ’ — tutuq belgisi.

Saodat Muhamedovaning qayd etishicha, universitet ishchi guruhi taklif qilayotgan alifbo loyihasi 1993-yilda qabul qilingan alifbo varianti bilan bir xil (unga 1995-yilda o‘zgartirishlar kiritilgan va hozirgi alifbo joriy qilingan edi).

“Faqat 1993-yilgi variantda ‘j’ uchun ikki xil harf, ya’ni Jo‘ra uchun ‘Jj’, ajdod uchun ‘Ĵĵ’ harfi qabul qilingan edi. Bizning variantda bitta ‘J j’ (‘ж’). Shunga ko‘ra aytish mumkinki, biz 24 yil oldin foydalangan alifboga qaytamiz. Unga hech qanday olamshumul o‘zgartirish kiritayotgan bo‘lmaymiz. Faqat alifbo zamon talablariga mos holga keltiriladi, xolos”, — deb yozadi Saodat Muhamedova.

Taklif etilayotgan mazkur alifbo loyihasi 20-oktabr kuni universitetda “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari (til, alifbo va imlo)” mavzusida o‘tkaziladigan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida qizg‘in muhokama qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, hozir amalda bo‘lgan lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi 29 belgi-harfdan iborat bo‘lib, uning tarkibi quyidagicha: A a, B b, D d, E e, F f, G g, H h, I i, J j, K k, L l, M m, N n, O o, P p, Q q, R r, S s, T t, U u, V v, X x, Y y, Z z, O‘ o‘, G‘ g‘, Sh sh, Ch ch, Ng ng.