Kanadalik jahonga mashhur xonanda Toshkentga kelib, konsert berdi. Lekin buni (deyarli) hech kim bilmay qoldi

Kanadalik taniqli xonanda Maykl Buble sentabr oyi oxirida Toshkentdagi Forumlar saroyida konsert berdi. Biroq bu konsert haqida keng jamoatchilik konsert o‘tib bo‘lganidan so‘ng xabar topdi.

Konsertdan foto va videolavhalar Facebook foydalanuvchilari tomonidan e’lon qilingan. Ular Maykl Bublening qo‘shiqlaridan huzurlangani, konsert dasturi juda ajoyib o‘tgani haqida to‘lqinlanib yozgan.

Maykl Bublening Toshkentdagi konsertidan.
Foto: Facebook / MyDay

Konsert haqida u o‘tib bo‘lganidan so‘ng xabar berganlar orasida MyDay nashrining Facebook sahifasi ham bor. Tegishli post Maykl Bublening o‘zbekistonlik muxlislari tomonidan qoldirilgan e’tirozli kommentlarga to‘la.

Maykl Bublening Toshkentdagi konsertidan.
Foto: Facebook / MyDay

“Mahalliy ‘yulduzchalarimiz’ o‘z konsertlari reklamasi bilan bir necha oylab ko‘zimizni qiynaydi, nahotki Bublening tashrifi haqida oldindan, tuzukroq xabar berishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa?”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

“Darhaqiqat, konsertda bo‘lganlar, Bublening konserti bo‘lishini qayerdan bilib qoldinglar? Jahon miqyosidagi yulduz shaharda konsert berarmish-u, lekin bu haqda hech kim bilmasmish”, — deydi yana bir norozi muxlis.

Maykl Bublening Toshkentdagi konsertidan.
Foto: Facebook / MyDay

Bir qator foydalanuvchilar konsertda mazza qilgani, u zo‘r o‘tganini takror va takror yozgan, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirgan, biroq boshqa foydalanuvchilarning “Bu konsert bo‘lishini qayerdan, qanday bildingiz?”, qabilidagi savollarini javobsiz qoldirgan.

“Mana axborot olish erkinligi-yu, mana fuqarolarning o‘zaro tengligi! Faqat tanlangan shaxslargina mega-yulduzning konsertidan boxabar qilingan! Taxminimcha, zalda bo‘lgan tomoshabinlarning 80 foizi aynan qanday xonandaning konsertiga kelganini anglab yetmagan ham bo‘lsa kerak”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri. “Faqat elita uchun o‘tkazildimi?”, — deb uni quvvatlagan boshqa bir muxlis.

Qayd etish joiz, sentabr oyi oxirida Toshkentda yana bir e’tiborga molik voqea yuz bergan — rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Sarvarning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgan edi. Dastlab mazkur to‘yda Filipp Kirkorov, Vera Brejneva, Ivan Urgant kabi rossiyalik yulduzlar xizmatda bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

To‘ydan olingan va keyinroq tarqalgan videolarda milliarder Alisher Usmonovning o‘zi to‘y sahnasida tashqi ko‘rinishi Maykl Bublenikiga o‘xshash chet ellik xonanda bilan jo‘r bo‘lib, jazz yo‘nalishida qo‘shiq aytayotgani va raqsga tushayotganini ko‘rish mumkin edi.

42 yoshli Maykl Buble an’anaviy estrada yo‘nalishida kuylovchi kruner-xonanda. U turli yillarda bir necha bor nufuzli Grammy va Juno mukofotlarini qo‘lga kiritgan, qo‘shiqlari Avstraliyadan tortib Livangacha xit-paradlarda yetakchilik qilgan. Albomlari 30 milliondan ziyod nusxada sotilgan.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing