Avstraliya milliy termasi bosh murabbiyi Ange Postekoglu noyabr oyida o‘z vazifasidan ozod etiladi. Bu haqda “Championat.asia” Goal nashriga asoslanib xabar berdi.

Foto: “Championat.asia”

Mutaxassisning Avstraliya Futbol Federatsiyasi bilan munosabatlari yaxshi emasligi ta’kidlab o‘tilgan. Uning boshqaruvida “sokkeruz” Osiyo Kubogida zafar quchgan bo‘lsa-da, JCh—2018 uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri chipta yutib ololmadi. Bu baxtni avstraliyalik futbolchilar Yaponiya va Saudiyaga berib qo‘ydi.

Osiyo pley-offida Avstraliya ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Suriyani taslim qildi. Mamlakat bosh jamoasini 37 yoshli hujumchi Tim Kexill qutqarib qolgani e’tiborga molik. Endi Avstraliya Rossiya mundiali chiptasini qo‘lga kiritish uchun 6 va 14-noyabr kunlari Gondurasga qarshi ikki uchrashuv o‘tkazadi.

Avstraliya FF uchun mazkur o‘yinlar natijasi katta ahamiyat kasb etmasligi mumkin. Ular Ange Postekogluni ishdan bo‘shatish qaroriga allaqachon kelib bo‘lgan.

Avstraliya OFK tasarrufiga o‘tgach, JAR—2010 va Braziliya—2014 mundiallariga borish vazifasini uddalay olgandi. Bu konfederatsiyada yashil qit’a vakillari ilk bor muvaffaqiyatsizlik bilan duch kelishi mumkin.

Uch qit’a chempionlari Rossiya—2018 ga bormaydi. To‘rtinchisi Avstraliya bo‘lishi mumkin