9-dekabr kuni o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Fazliddin G‘oibnazarov amerikalik yengilmas bokschi Stiven Ortizga qarshi jang qiladi.

Foto: “Olamsport”

Fazliddin G‘oibnazarov professional ringda yengilmay kelayotgan amerikalik bokschiga qarshi jang qiladi

Ortiz ketma-ket 7 jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning barchasida raqiblarini taslim qilishga erishgan. G‘oibnazarov esa professional ringga ikki bor ko‘tarilib, har ikkisida zafar quchgan.

Nyu-Yorkdagi Madison Square Garden arenasida o‘tadigan jang markaziy maqomida emas. Markaziy jangda ukrainalik 29 yoshli bokschi Vasiliy Lomachenko o‘zidan 8 yosh kattaroq bo‘lgan Gilyermo Rigondoga qarshi ringga ko‘tariladi. Ular -59 kilogramm vazn toifasida saralangan bo‘lib, o‘rtaga Lomachenkoga tegishli WBO chempionlik kamari tikilgan.

“Olamsport” nashrining boks kechasi tashkilotchilariga tayanib xabar berishicha, uning uchun chiqarilgan 5.500 ta chiptani bari sotib bo‘lingan. Madison Square Garden aynan shuncha ishqibozni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.