Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning 2017 va 2018-yillardagi yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’atini yillik 6 foiz darajadagi prognozini saqlab qoldi. Bu haqda jamg‘armaning oktabr oyidagi “Jahon iqtisodiyotining taraqqiyoti istiqbollari” (World Economic Outlook) hisobotida ma’lum qilindi, deb yozadi UzDaily.
XVJ hisobotida qayd etilishicha, O‘zbekiston inflyatsiyasi 2016-yildagi 8 foizdan 2017-yilda 13 foizga oshadi. Inflyatsiya o‘sishi 2018-yilda 12,7 foizni tashkil etadi.
Jamg‘arma ekspertlari O‘zbekiston to‘lov balansining joriy hisob-kitob saldosi 2017-yilda 0,9 foizni, 2018-yilda esa bu ko‘rsatkich 0,3 foizni tashkil etishini prognoz qiladi.
XVJning hisobotida ta’kidlashicha, O‘zbekiston o‘tkazilayotgan valyuta islohoti tufayli inflyatsiya bosimini boshdan kechirishi mumkin.