Rossiyaning Vladimir viloyatidagi temiryo‘l kesishmasida 6-oktabr kuni yuz bergan avtobus va poyezd to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lgan 16-o‘zbekistonlikning shaxsi aniqlandi.
Shunday qilib, “Interfaks”ning Vladimir viloyati ma’muriyatiga asoslanib xabar berishicha, Vladimirdagi YTH oqibatida halok bo‘lgan 17 kishining barchasining shaxsi va fuqaroligi aniqlandi.
“Hozirgi vaqtda erkak kishining jasadini vataniga yuborish yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni olib borilmoqda”, — dedi Vladimir viloyati ma’muriyati vakili.
Xabarda YTH qurboni bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining ismi-sharifi aytilmagan. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati hozircha axborot bergani yo‘q.
YTH oqibatida 17 kishi — 16 o‘zbekistonlik va bir qozog‘istonlik halok bo‘lgan, uch kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan edi. 36 o‘zbekistonlik maxsus samolyot bilan vatanga qaytarilgan edi.