Joriy o‘quv yili boshlanganida “Toshkent” telekanali muxbiri Toshkent yuridik kolleji atrofida istiqomat qiluvchi fuqarolarning iltimosiga ko‘ra, ta’lim muassasasida sodir bo‘layotgan tartibsizliklar borasida videolavha tayyorlagandi. Reportaj efirga uzatilgan edi, biroq bunga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan. Oqibatda 6-oktabr kuni ushbu kollejda o‘qiydigan talaba o‘zining ikki nafar kursdoshiga pichoq orqali tan jarohati yetkazgan, ulardan biri vafot etgan, deb xabar berdi “Novosti Uzbekistana”.

Foto: ”Novosti Uzbekistana”

Telekanal muxbirining aytishicha, kollej atrofidagi uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bir necha bor talabalar o‘rtasidagi janjallarga, shuningdek, temir panjaralardan oshib o‘tgan holda darsdan qochayotgan o‘quvchilarga guvoh bo‘lishgan. Aholi bu borasida bir necha bor o‘quv muassasasi ma’muriyatiga chora ko‘rishni iltimos qilib murojaat etgan, biroq direktor Natalya Temirova (7-oktabr kuni Adliya vazirligining buyrug‘iga asosan vazifasidan ozod etilgan) bu o‘zining zimmasidagi vazifa emasligini aytgan.

“Biz bir necha bor kollej rahbariyatiga murojaat qilib, muassasada tartib o‘rnatishini so‘raganmiz. Bir safar men direktorning oldiga darsga kirmagan va panjaralardan oshib o‘tayotgan o‘quvchilarning suratlarini olib keldim. Biroq direktor bu uning muammosi emasligini aytib, meni haydab yubordi. Agarda ketmasam “favqulodda tugma”ni bosib militsiyaga topshirib yuborishini aytdi”, — deydi kollej qarshisida joylashgan uyda istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri. Shundan so‘ng ayol televideniyega murojaat qildi.

Aholining telekanal muxbiriga ma’lum qilishicha, o‘quvchilardan biri panjaradan oshib o‘tayotib yiqilib tushgan va uning ustiga temir panjara qulagan. Ushbu noxush hodisa haqida direktorga ma’lum qilinganda, u o‘quvchilarga faqatgina dars paytida javobgar ekanligini ma’lum qilgan.

Ko‘rsatuvni tayyorlagan muxbirning so‘zlashicha, kollej o‘quvchilarining aksariyati formasiz yuradi, bir qancha fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmaydi, o‘quvchilar esa darslik yetishmasligidan shikoyat qiladi. Jurnalistlar bu kabi masalalar yuzasidan Natalya Temirova murojaat qilishganida, u bu kabi masalalar bilan shug‘ullanuvchi o‘rinbosarlari bor ekanligini aytib, mas’uliyatni o‘z bo‘ynidan soqit qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6-oktabr kuni Toshkent yuridik kollejida o‘qiydigan 3-kurs talabalari o‘rtasida kelishmovchilik sodir bo‘lgan, oqibatda Saidkamron Saidvohidov o‘zining ikki nafar kursdoshiga pichoq orqali tan jarohati yetkazgan. Ulardan biri — Asadbek Parpiboyev qon ketishi oqibatida shifoxonada vafot etgan. Jabrlanuvchilarning ikkinchisi — Rahmatilla Yorqoriyevga esa zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berib yuborilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (“jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov olib borilmoqda.