6-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar ko‘pgina masalalarni ko‘rib chiqdi. Yig‘ilish haqida “O‘zbekiston 24” telekanali axborot berdi.
Deputatlar o‘z ishlarini “Formali kiyim-boshlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladi. Qonun loyihasiga binoan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xarbiy xizmatchilari va xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi modda bilan to‘ldirilmoqda.
Shundan so‘ng deputatlar oilaviy ajralishlarning oldini olishga, shu jumladan, ushbu masala yuzasidan mahallalarning tutgan o‘rnini kuchaytirish orqali oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Kiritilayotgan yangi qoidalarga muvofiq, Oila kodeksiga sudlar va FHDYO organlari tomonidan ularning ish yurituvida nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar mavjudligi to‘g‘risida yarashtirish komissiyalarini xabardor qilishga doir qoidalarni belgilashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur chora yarashtirish komissiyalariga yuz berishi mumkin bo‘lgan ajralishlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish va er-xotinlarni yarashtirishga harakat qilib ko‘rish imkonini beradi.
So‘ngra deputatlar parlament va deputatlik nazorati sohasidagi javobgarlikni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Ushbu o‘zgartish davlat organlari tomonidan deputatlik so‘rovlarining o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishiga xizmat qiladi.
Majlisda Jinoiy, Fuqarolik kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalari kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi. “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilganki, odam savdosi qurbonlari majbur qilish yoki tahdid ostida sodir etilgan qilmishlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi. Ammo ushbu normani amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari amaldagi qonun hujjatlarida mavjud emas. Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi ushbu kamchilikni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Prezidentining 14-martda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)