Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘quv mashqlari davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari qo‘yilgan maqsadga erishdi, belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi.
Olingan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, rejalashtirilgan harakatlar davomida shartli dushmanning moddiy ta’minot bazalari, texnika vositalari va tirik kuchlari batamom yakson qilinib, garovga olinganlar ozod qilindi.
O‘quv mashqlarida noqonuniy qurollangan kuchlar joylashgan hududda razvedka ishlarini olib borish, ularning moddiy ta’minot, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalariga shikast yetkazish va yo‘q qilish, garovga olinganlarni ozod qilish hamda shartli buzg‘unchi kuchlarni batamom yakson qilish bo‘yicha tegishli usullari ishlab chiqildi.
Mashg‘ulotlarning so‘nggi kunida ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘tish murakkab bo‘lgan tog‘li hududlarda noqonuniy qurollangan kuchlarni yo‘q qilish bo‘yicha aksilterror operatsiyasini amalga oshirdi.
Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, murakkab tog‘ sharoitida noqonuniy qurollangan kuchlarni yo‘q qilish bo‘yicha o‘tkazilgan hamkorlikdagi mashqlarning tantanali yopilish marosimida Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari — Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Pavel Ergashev, Rossiya mudofaa vazirligi markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi shtab boshlig‘i o‘rinbosari general-mayor Rustam Minnekayev va boshqalar mazkur mashqlar muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etdi. Aksilterror operatsiyasida o‘quv-jangovar topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajargan harbiy xizmatchilar — O‘zbekiston tomonidan mayor Azamat Jabborov, mayor Xurshid Mamadaliyev, kichik serjant Habibullo Xolboyev, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Doston Mamatov, Rossiya tomonidan vzvod komandiri, katta leytenant Sergey Baromiko, serjant Buyan Kenden, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Amir Kilik taqdirlandi.
Maxsus taktik-o‘quv mashqlari yakuniga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston qurolli kuchlari markaziy ashula va raqs, Rossiya mudofaa vazirligi markaziy harbiy okrugining ashula va raqs ansambllari konsert dasturi namoyish etdi.
Izoh (0)