“Metallurg” futbolchisi Davron Karimqulov narvonning toyib ketishi oqibatida hovlini o‘rab turgan temir panjara ustiga yiqilgan. Bu vaqtda u uy yumushlari bilan ovora bo‘lgan.
Bekobod klubi matbuot xizmatining xabar berishicha, shifokorlar yordami bilan Davron Karimqulov omon qolgan. Shunga qaramay, futbolchining buyragi jiddiy shikastlangan va u ko‘p qon yo‘qotgan. Xabarda bunday holatdan omon qolish baxtli tasodif ekani aytilgan.
FIFA kunlari sabab “Metallurg” futbolchilari 4 kunlik ta’tilga chiqarilgandi. Davron Karimqulov bundan unumli foydalanish maqsadida farzandlari qiynalib qolmasligi uchun hovli ishlarini yengillatmoqchi bo‘lgan. Bunda u bog‘ni tartibga keltirish va elektr simlariga qadar bo‘y cho‘zgan daraxtlarni butalash niyatida bo‘lgan.
Jiddiy jarohatlangan futbolchi ayni damda Toshkentdagi klinikilardan birida bo‘lib turibdi. Uning qancha muddatda safga qaytishi mumkinligi aytilmagan. “Metallurg” klubining o‘zi Oliy Liga 23-turidan keyin turnir jadvalida 10-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)