Nyu-Yorkda ochiq muhitdan qo‘rqadigan Jeki Kennining “Agorafobiya sayohatchilari” nomli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Kennining uyidan tashqariga chiqishi juda qiyin, shuning uchun u Google’dagi Street View sevisi orqali “sayohat” qiladi va u yerdagi skrinshotlarni Instagram’ga joylashtiradi, deb xabar berdi Meduza.

Foto: Instagram / streetview.portraits

Yangi zelandiyalik Jeki Kenni hayotining asosiy qismini vahimali hujumlardan va tashvishli kasalliklardan aziyat chekib o‘tkazgan. U ishi yuzasidan Londonga ko‘chib o‘tganida ahvoli yomonlashgan: ba’zida ayol navbatdagi vahimadan qochish maqsadida tom ma’noda “uyiga yugurishiga” to‘g‘ri kelgan. Shifokorlar unga “agorafobiya” deya tashxis qo‘yishgan; bu notanish muhitda qo‘rquvni nazorat qila olmaslik. Shu sababli Kenni uyidan uzoqqa ketmaslikka harakat qiladi: vahimali hujum tanish bo‘lgan supermarketda ham sodir bo‘lishi mumkin. “Men vahimaga tushib qolaman, yiqilib tushaman, ustimga barcha savdo tokchlari qulab tushadi, men kimgadir jarohat yetkazib qo‘yaman va sharmanda bo‘laman”, — deydi u.

2016-yilda Jeki Kenni ishsiz qolgan va uydan chiqishiga sabablar yanada kamaygan. Bu holatda o‘zini biroz bo‘lsada chalg‘itish uchun Kenni Google Street View servisi xizmatidan foydalanib, turli shaharlarni “aylana” boshlaydi. Bu haqiqiy ko‘ngilxushlikka, keyinroq butun boshli loyihaga aylanib ketgan: Kenni Google suratga olgan qiziqarli kadrlar va rakurslar ortidan “quvishni” boshlagan. Ba’zida u arzirli kadrlarni qidirib, kompyuter qarshisida kuniga 18 soatlab o‘tirgan: uning so‘zlariga ko‘ra, Google Street View’da ko‘ringan 99,999 foiz kadrlar — “shunchaki daxshatli”.

Foto: Instagram / streetview.portraits

Natijada Jeki Kennining arxivida 27 ming skrinshot to‘planib qolgan va u suratlarni Instagram’da streetview.portraits. manziliga joylashtira boshlaydi. Avvaliga ayol o‘z mashg‘ulotini e’lon qilmagan, biroq keyinchalik akkaunti nomini Agoraphobic Traveller’ga o‘zgartirgan. “Agorafobiya va vahima sayohat qilish imkoniyatimni cheklaydi, shuning uchun men dunyoni o‘rganishning boshqa usulini topdim”, — deb ko‘rsatiladi uning profilida.

“Men uchun Perudagi tor ko‘chalar bo‘ylab sayr qilish — ajoyib terapiya. Real hayotda shunday bo‘lganida, tezroq uyga qaytishni o‘ylagan bo‘lardim”, — deydi Kenni. Shunga qaramay, Kennining so‘zlariga ko‘ra, Google Street View uning uchun virtual hayotga aylanib qolmagan: “Men shunchaki vizual taassurotlar qidiraman. Ushbu usul orqali haqiqiy madaniyatni tushunib bo‘lmaydi, axir odamlar bilan suhbatlashmasdan nimani ham o‘rganish mumkin?”.

Hozirda akkauntda Tunis, Senegal, AQSh, Qirg‘iziston, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlaklarning 237 ta surati bor. Kennining barcha skrinshotlari fotoshop yordamida qayta ishlanadi.

Kennini Instagram’da kuzatib boruvchilar orasida agorafobiyadan aziyat chekuvchi insonlar ham mavjud.

Foto: Instagram / streetview.portraits

Sentabr oxirida Jeki Kennining “suratlari” Nyu-Yorkda taqdim etilgan, uning o‘zini esa ko‘rgazma ochilishiga taklif etishgan. Kenni samolyotda uchishdan juda ham qo‘rqqani sabab, sayohatga 2 oy tayyorgarlik ko‘rgan: taksida harakatlanganini, samolyot salonini, shovqinli ishlayotgan dvigatellar ovozini...

Jeki Kennining ko‘rgazma ochilganidan so‘ng, Instagram’ga yozishicha, barchasi yaxshi o‘tgan va u atrofdagilarning ko‘magidan boshi osmonga yetgan. “Eng ajablanarlisi — men real hayotda odamlar bilan ko‘rishdim”, — deya tan oladi loyiha muallifi.