Yaponiya jamoat televideniyesi kompaniya xodimlaridan biri mehnat noto‘g‘ri tashkil etilgani va ortiq darajada ko‘p ishlagani bois olamdan o‘tganini tan oldi. Aytilishicha, u oyiga me’yoridan 159 soat ko‘p ishlagan va yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etgan. Bu holat fuqarolar ko‘p ishlashiga qarshi chora qidirayotgan Yaponiya hukumatiga qo‘l kelishi mumkin, deb xabar beradi Meduza.
31 yoshli jurnalist qiz Miva Sado 2013-yili vafot etgan edi. Ammo uning ishi bo‘yicha surishtiruv shu paytgacha davom etdi va televideniye rasmiylari aybini endi tan oldi.
O‘sha yilning iyun va iyul oylarida u Tokio poytaxt assambleyasi va Maslahatchilar palatasiga bo‘lib o‘tayotgan saylovni yoritayotgan edi. Saylov tugab, uch kun o‘tgach, qiz vafot etdi.
Bir yil davom etgan surishtiruvdan so‘ng mehnat sharoitlari bo‘yicha inspektorlar jurnalist qiz ko‘p ishlagani tufayli vafot etgan degan xulosaga keldi. Aniqlanishicha, o‘limidan oldin u oyiga 28 kun 12 soatdan ishlagan.
Sadoning ish beruvchisi — NHK jamoat telekanali tekshiruv natijalarini endi nashr etdi va aybini tan oldi.
Izoh (0)