IKEA savdo belgisi Turkmanistondan yetkazilgan paxtani o‘z mahsulotlarida ishlatishni taqiqladi. Bunga sabab sifatida ushbu mamlakatda “to‘g‘ri yo‘nalishdagi harakat”ning yo‘qligi, majburiy mehnat qo‘llanilishi ko‘rsatildi, deb xabar beradi CA-News.
Oldinroq IKEA Turkmanistonni murakkab mintaqa hisoblar, ammo aholining mehnat huquqlari buzilishini aniqlamagan edi.
2015-yili IKEA mamlakatda paxta sanoatidagi ijobiy o‘zgarishlarga turtki berish bo‘yicha loyiha ustida ishlagan edi. Kompaniya bayonotida aytilishicha, bitta mintaqa bilan cheklangan ushbu loyiha ustida ishlash jarayonida mahalliy fermerlar guruhi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Loyihaning maqsadi IKEA yetkazib beruvchilar fe’l-atvori kodeksiga muvofiq mahsulot yetkazib berish silsilasini to‘liq nazorat qilish edi.
“Mamlakatda bo‘lishimiz fermerlarni aholining mehnat huquqlarini himoya qilish muhimligiga o‘rgatishimizga imkon berdi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Loyiha davomida mamlakatda majburiy mehnat unsurlari paydo bo‘layotganini kuzatish imkoni bo‘lgan, shu bois kompaniya Turkmaniston bilan qo‘shma loyihani uzaytirmaslikka qaror qilgan.
“Biz mamlakat paxta sanoatida munosib mehnat dasturi rivojlanishining konkret misollarini ko‘rmqochimiz”, — ta’kidlanadi hujjatda.
Ilgariroq kompaniya O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotga shunday taqiq joriy etgan edi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, keyingi bayonotga qadar bu mamlakatlarning paxtasiga taqiq joriy etiladi hamda u kompaniya mahsulotlarida ishlatilmaydi.
Izoh (0)