O‘zbekiston Oliy Ligasining 23-turida Toshkentning “Paxtakor” klubi Namanganda “Navbahor” mehmoni bo‘lib, 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi. “Tribuna” nashrining ma’lumot berishicha, uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida janjal kelib chiqqan.

Foto: Telegram

Qayd etilishicha, matbuot anjumanida faqatgina jurnalistlar ishtirok etmagan. Unda futbol fanatlari ham qatnashib, Shota Arveladzeni savollarga tutgan. Jumladan, muxlislardan biri “Paxtakor” Namangan klubini avvallari halol yutmagani borasidagi savol bilan murojaat qilgan. Arveladze esa u vaqtlarda “Paxtakor” bosh murabbiyi bo‘lmagani bilan javob qaytargan.

Keyinroq butunlay boshqa bir muxlis “Paxtakor”ni nohalol o‘yinlarda ayblagan. Avvalgi savol muallifi esa, navbatdagisini qarsaklar bilan olqishlagan. Natijada vaziyatga “Paxtakor” matbuot kotibi Behzod Nazarov aralashib, provakatsion savollar bermaslikni talab qilgan.

Vaziyat “Navbahor” ham bir vaqtlar “Paxtakor”ga nohalol penaltidan gol urgani masalasigacha aylanib, oxirida jiddiy tortishuvga aylanib ketgan. Bunda haqoratli so‘zlar, so‘kinishlar bo‘lgan. Shota Arveladze esa tinchgina matbuot anjumanini tark etgan.

Bu borada klublar rasmiy ma’lumot berib ulgurmadi. PFL xodimi sifatida Namangandagi o‘yinda Aleksey Frolov ishlagan. Matbuot anjumanida futbol fanatlari nima qilib yurgani borasida aniq ma’lumotlar yo‘q. Bungacha “Paxtakor” ishtirokidagi matbuot anjumanlariga ham bir qator futbol fanatlarining tashrif buyurishi holatlari kuzatilardi.

Shota Arveladze boshqaruvida “Paxtakor” bungacha 7 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, shularning 5 tasida zafar quchgan va 2 tasida durang qayd etgandi. “Navbahor” esa o‘z maydonida mag‘lub bo‘lmayotgan mavsumning yagona jamoasi maqomini saqlab qoldi.