Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Sport — bu do‘stlik, sog‘lik va go‘zalikka eltuvchi yo‘l” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Turkmaniston — oltin asr” nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “Turkmaniston — oltin asr”

Turkmaniston prezidenti adabiyotga katta e’tibor qaratadi. Mamlakat prezidenti joriy yilning o‘zida ikkita kitobini taqdim etishga ulgurdi: harbiylar va ichki ishlar organlari haqida. O‘tgan yili esa Turkmaniston prezidentining turli mavzulardagi oltita kitobi — turkman gilamlari, musiqasi, maqollari, axalteka otlari va boshqa narsalarga bag‘ishlangan kitoblari taqdim etilgan.

Yangi kitobning taqdimotida Turkmaniston parlamenti va hukumati a’zolari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, sport, jamoat ishlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.

Kitob jismoniy tarbiya va sportning inson hayotiga va jamiyatdagi foydasiga bag‘ishlangan. Kitobda Turkmanistonda sport harakatlarini rivojlantirish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar, erishilgan yuksak marralar, turkman xalqining ko‘p asrlik milliy sport o‘yinlari haqida so‘z boradi.

Yangi kitobda asosiy e’tibor Ashxoboddagi yopiq inshootlarda bo‘lib o‘tgan V Osiyo o‘yinlari va Turkmaniston umumjamoa hisobida g‘alaba qozongan jang san’atlariga qaratilgan

Kitob Turkmaniston davlat nashriyoti tomonidan ingliz va rus tillarida chop etildi.