Odamlar ichidagi adovat seskantirib yuboradi. U jimgina turishi mumkin, ammo vaqti kelib ichidagi vulqon tashqariga otilib chiqmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Foto: YouTube

Xosiyat Husanova bilan sodir bo‘lgan kichik, ammo ichi adovat urug‘i bilan qorishgan voqea videosini ko‘rib, ikki jihat ko‘z oldimga keldi. Birinchi galda 1989-yil Farg‘ona vodiysida ro‘y bergan o‘zbeklar va mesxeti turklar o‘rtasidagi janjalni esladim, keyinroq barchamiz uchun sevimli filmlardan biri bo‘lgan “Seni yetim emassan” gavdalandi. Bunga eng asosiy sabab video ostida qoldirilgan izohlar bo‘ldi.

Men aynan 1989-yilda tavallud topganman. Farg‘onadagi voqealar haqida aqlimni taniganimdan so‘ng xabar topdim, o‘qib chiqdim. Undan bexabar tengdoshlarimiz, ukalarimiz bo‘lsa, barchalariga tavsiya qilaman. Qodiriy ta’biri bilan aytganda, moziyga qarab ish ko‘rmak, xayrlidur. Tafsilotlariga ortiqcha to‘xtalmayman, undan har kim turlicha xulosa chiqaradi.

“Sen yetim emassan” filmi meni doim to‘lqinlantiradi. Qahatchilik davrida bir qator millat bolalarini asrab olishda o‘zida kuch topa olgan o‘zbek oilasi bizning haqiqiy yuzimizni ko‘rsatadi. Bu biz uchun etalon, bizga yarashadigan ish.

Mening rus qo‘shnim bo‘lardi, keyinchalik oilasi bilan ko‘chib ketdi. Mahallada uni hamma qadrlardi, hurmat qilardi. Rus bo‘lib tug‘ilganini inobatga olmasa, qarashlari biznikidan deyarli farq qilmasdi. Yaxshi yoki yomonning millati bo‘lmaydi, derdi rahmatli buvim. Duolarida farzandlarini boqishda biroz qiynaladigan, ammo birovning koriga beminnat yaraydigan o‘sha rus qo‘shnimizni eslamasdan o‘tmasdi.

Biz ichki hissiyotlarimiz yoki nafratlarimizgagina tayanib yashasak, eng kamida uyalib qolamiz. O‘zbeklar ham, ruslar ham, tozalik yoki madaniyat tushunchasi ham asosiy kuch emas, asosiy kuch qonun. Unda ko‘cha-ko‘yni tozalamaslikka jazo belgilab qo‘yilmagan. Bu har kimning o‘zidan kelib chiqadigan tashabbus. Tozalik, orastalik bizga xos bo‘lsa, shu bilan faxrlansak — bu yaxshi. Ammo uni eng kamida boshqa millatlarda ko‘rishga intilish yoki bu yo‘lda kuch ishlatish — xato. Aytmoqchi bo‘lganim, o‘zimiz faxrlanadigan ishlar kimnidir yerga urish uchun hech qachon asos bo‘lmasligi kerak. Siz mehmondo‘stmisiz? Baraka toping! Biroq yana kimdandir shuni kuch bilan talab qilmang. Siz madaniyatlimisiz? Nur ustiga a’lo nur. Biroq bu bilan o‘zingiz madaniyatsiz deb bilganlar ustidan kulmang. O‘zgalarning qarashlari, prinsiplari biznikidan tubdan farq qilishi juda normal holat. Mening huquqlarim sizning huquqingiz chegaralarida to‘xtaydi, ular o‘rtada to‘qnash kelganida esa barchasini qonun tartibga soladi.

Izohlarda ruslar ota-bobolarimizni qay ko‘yga solgani, Rossiyadagi o‘zbekistonliklar qanday ahvolda ekani eslab o‘tilib, o‘zbekistonlik rus millatiga mansub kishilar nafrat ostiga bo‘ktirilgan. Shoshmang, ota-bobolarimiz orasida o‘zga millat vakillari bilan yerini, nonini bo‘lishgani ham, qandaydir fitnaga uchib, ularning uyini yoqqanlari ham bor. Sizga savol: siz qay birini ko‘proq qadrlaysiz va qay yo‘ldan borishni afzalroq bilasiz? Rossiyada esa o‘z biznesini topgan, hurmat qozongan vatandoshlarimiz ham bor, bilganini qilib yurgani ham, tirikchilik ilinjida yurgani ham bor. Biroq nega biz saviyasi past, madaniyatsiz, millatchi bir guruh ustidan hukm chiqarib, butun boshli millatni shunga tirkab qo‘yishimiz kerak? Men ishonamanki, buvimning duolariga tushishga arzigulik o‘zga millat vakillari ko‘p. Tanlov esa o‘zimizda: yo o‘rnakni millatchilaridan olaylik yoki o‘zimiz qadrlagan fazilatlarga bo‘y cho‘zaylik. Yo pog‘onamizdan pastga tushib, tubanlikka tubanlik bilan javob beraylik yoki ko‘kka bo‘y cho‘zib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan yondoshaylik. Sizga qay biri afzal?

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni vasiyat qilgan inson 2010-yillarda o‘sha 89-yillar voqeasi takrorlanishidan xalqini asrab qolgandi, yodingizdami? Bir guruh qirg‘izistonliklar sabab, butun bir davlat yoki millatga urush e’lon qilib baraka topmasligimizni o‘sha inson yaxshi bilgandi. Hozir esa kasbi rol o‘ynash-u, tirikchiligi to‘y-hasham bo‘lgan o‘zbekistonlik ayolning qizishib aytganlariga ergashishimiz kerakmi yoki millat qahramonlari tutgan yo‘ldan yurgan afzalmi?

Tozalik yaxshi. Biroq ko‘ngli hashar istamayotgan qaysidir o‘zbekistonlik eng kamida eshigingiz tagiga yoki umuman orasta joyga axlat ag‘darib ketmayotganining o‘ziyoq katta yutuq, ishoning. Mening ko‘nlim tozalik fazilati bilan oshno tutingan bo‘lsa, millati boshqa ikki qo‘shnimning eshigi tagini tozalab o‘tib ketish “jalko” emas. Men o‘zimni undan past ko‘rganim yoki ularga xizmat qilganim kabi ko‘rmayman bunda, ko‘nglim buyurgan ishni qila olganimdan xursand bo‘laman.

Bizning o‘z muammolarimiz bor, dardimiz bor, rivojlanish yo‘limiz, tinchligimiz bor, o‘zbekligimizda barakamiz borki, har kuni tonnalab osh damlab, elga ulashamiz. Bular yuzimiz bo‘lsin, bu kimdandir ustunligimizni ko‘rsatish uchun emas, bu o‘zimiz afzal deb bilgan yo‘ldan yurishimiz. Qonun bormi, undan tashqariga chiqmaylik. Kechasi soat 11 da janjal qilgan, taqir-tuquri bilan tinchlik bermagan, eshigingiz tagiga bir chelak chiqindisini ag‘dargan har qanday millat vakili ustidan shikoyat qilib, ma’muriy javobgarlikka tortishga haqlisiz. Bunda millat yoki elat rol o‘ynamaydi. Ammo sizga qo‘shilib ko‘cha supurmaganni tinch qo‘yavering.

Muammo nima deysizmi? Bizda o‘z nafratini bilintirmay yurgan va kezi kelib qolganida uni sanchishga tayyor turgan odamlar ko‘p ekan. Xalq tanigan aktrisa bilan bog‘liq voqea avjiga chiqib ketsa, boshqa millat vakillarining ko‘zini o‘yishga-da tayyor odamlar bor ekan. Menimcha bu hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. E’tibor qiling, o‘zga millat vakillarining boshini silagan o‘zbeklarga haykal qo‘yilgan, bir-birining teriga somon tiqqan millatchilar borgan joyni esa siz yaxshi bilasiz. Qadrimiz, madaniyatimiz, bag‘rikenglimiz va har qanday vaziyatda olamon emas, xalq bo‘lib qolishimiz yana ming yillar davom etsin!