Iroqdagi Xoija shahrini IShID kuchlaridan tozalash operatsiyasi muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bu haqda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya vakili polkovnik Rayan Dillon bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
“Xoija va Sharkatdagi operatsiyaning birinchi bosqichi juda tez o‘tdi. Bashoratga ko‘ra, Iroq kuchlari bir hafta sarflashi kutilgan birinchi bosqich taxminan ilk 72 soatda tugadi. Ammo kelajakda jang oson bo‘lmaydi, u qiyin bo‘lishini kutyapmiz va aniq muxlat aytmaymiz”, — dedi Dillon Bag‘dodda uyushtirilgan brifingda.
2014-yili IShID Iroqning qator hududlarini egallab, Bag‘dod tomon yurish boshlagan edi. Ammo keyinchalik Iroq armiyasi xalqaro kuchlar yordamida vaziyatni o‘nglay oldi va terrorchilar poytaxti Mosulni ozod qildi. Hozirda jangarilar o‘rnashgan oxirgi o‘choqlar Mosul, Xoija va Rava atrofidagi hududlar bo‘lib turibdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)