Shavkat Mirziyoyev “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” farmonni imzoladi. Hujjat matnini “O‘zbekiston 24” keltirdi.
“Mamlakatimizda yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilarga faxriy unvonlar berilsin”, — deyiladi farmon matnida.
Farmonga muvofiq, bir guruh pedagoglar “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvonlariga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni keng joriy etish, chuqur bilim va zamonaviy kasb-hunarga ega malakali kadrlarni tayyorlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, mustaqil fikrlaydigan, zamon bilan hamnafas, iqtidorli, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi katta xizmatlari uchun bir guruh pedagoglar “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, II darajali “Sog‘lom avlod uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, shuningdek, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Izoh (0)