O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov JCh—2018 pley-offi doirasida bo‘lib o‘tadigan Avstraliya — Suriya o‘yinida ishlaydi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Avstraliya va Suriya termalari JCh—2018 saralashini o‘z guruhlarida 3-o‘rinda yakunlagandi. Dastlabki ikki o‘rinni egallagan Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Rossiya—2018 chiptasini qo‘lga kiritib ulgurdi. Avstraliya va Suriya esa yarimta yo‘llanmani 1 taga aylantirish uchun kurash olib boradi.
Suriya termasi o‘z o‘yinlarini Malayziyada o‘tkazib kelayotgandi. Suriyaliklar yashil qit’a termasini 5-oktabr kuni aynan Malayziyada qabul qiladi. Oradan 5 kun o‘tib, aniqrog‘i 10-oktabr kuni tomonlar Sidneyda takroriy o‘yinda maydonga chiqib keladi. Mana shu takroriy bellashuv Ravshan Ermatovning chekiga tushgan.
O‘zbekiston terma jamoasi JCh—2018 yo‘llanmasidan quruq qolgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik hakam Osiyo qit’asi pley-offidan omon qutulib oladigan jamoa nomiga o‘z hushtagi bilan oydinlik kiritib beradi. G‘olib jamoa KONKAKAF mintaqasining to‘rtinchi vakiliga raqib bo‘ladi.
Ermatovga qanotlarda Abduhamidillo Rasulov va Jahogir Saidov yordam beradi. To‘rtinchi referi Ilgiz Tantashev. Bu brigada JCh—2018 da ishlashi mumkin bo‘lganlar qatoriga kiritilgan.
Izoh (0)