O‘zbekiston hukumati “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”dagi davlat ulushini SFI Management Group xorijiy kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga topshirdi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Foto: “Infocom.uz”

Mazkur qaror kombinatning korporativ boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va zamonaviy talablar asosida takomillashtirish zarurati bilan izohlanmoqda.

Endi “O‘zmetkombinat” boshqaruvi raisining barcha o‘rinbosarlari kuzatuv kengashi tomonidan SFI Management Group’ning taklifi asosida tayinlanadi yoki lavozimidan ozod etiladi.

Bundan tashqari, kompaniya korxonaning tashkiliy tuzilmasi hamda ijroiya apparati tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Ayni vaqtda, kombinat boshqaruvi raisi aksiyadorlarning umumiy majlisi tomonidan saylanadi va O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Qayd etish joiz, avvalroq SFI Management Group kompaniyasi “Paxtakor” futbol klubining 80 foiz aksiyasini sotib olgani ma’lum bo‘lgan edi. Kompaniya xorijiy investor sifatida “Paxtakor” tizimidagi sport infratuzilmalariga besh yil davomida kamida 200 milliard so‘m sarmoya kiritish majburiyatini olgan.

SFI Management Group’ning tarixi, egalari haqida batafsil ma’lumotlar yo‘q. Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e’lonlar beriluvchi saytlarda kompaniya haqidagi ma’lumotlar 2017-yil iyul—avgust oylarida paydo bo‘lgan.

Bu ma’lumotlarda SFI Management Group’ga 2017-yil yanvarida asos solingani, u mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat olib borishi, konsalting xizmatlari ko‘rsatishi va investitsiyaviy loyihalarni boshqarish bilan shug‘ullanishi ta’kidlanadi.