So‘nggi 10 kun davomida Oliy Liga o‘yinlarini boshqargan ikki hakam “2” bahoga loyiq ko‘rilgandi. Rustam Bobomurodov buning uchun futboldan chetlashtirilgan bo‘lsa, Olim Tolibjonovga hech qanday chora ko‘rilmagandi.

Foto: “Championat.asia”

“Championat.asia” Olim Tolibjonov nima sababdan past baho olganini tahlil qilib chiqdi. Xulosani esa muxlislar, mutaxassislar va ekspertlar guruhiga qoldirdi. Nashr bunda bahsli vaziyat deb, 4 ta holatni tanlab olgan. Qolgan epizodlarda hakam neytral ko‘rinishda bo‘lgan.

Qoida bo‘yicha gol to‘g‘ri kiritilganmi?

Videoda “Sho‘rtan” futbolchisi Laziz Ubaydullayev gol urgan vaziyatga e’tibor bering. “Navbahor” darvozaboni jarima maydonchasi tashqarisida (balki ichkarisida, har holda aniq bir gap aytish qiyin) to‘pni qo‘li bilan urib yubordi. Hakam jarima to‘pi belgiladi va darvozabonga sariq kartochka ko‘rsatdi. “Sho‘rtan” futbolchisi to‘pni nuqta tomon dumalatib kelib, shu zahoti o‘yinni boshlab yuboradi va hujum gol bilan tugadi. Xo‘sh, bu vaziyatda urilgan gol to‘g‘rimi? Hakam sariq kartochka ko‘rsatganidan keyin o‘yin hushtakkacha to‘xtab turishi kerakmasmidi?

To‘p qo‘lga tekkanmi?

Bu vaziyat ikkinchi taymda ro‘y bergan. “Sho‘rtan” futbolchisi Laziz Ubaydullayev o‘ng qanotdan to‘pni yerlatib jarima maydonchasi ichiga uzatdi. “Navbahor” himoyachisi Mirzohid G‘ofurov yiqilayotib, to‘pni qaytarib yubordi. Savol: Mirzohid G‘ofurov bu vaziyatda to‘pni qo‘li bilan qaytarganmi? Videoni ko‘ring va o‘zingiz xulosa chiqaring.

Penalti bormi yoki yo‘q?

To‘p bilan harakat qilayotgan Igor Taran uch futbolchi orasidan jarima maydonchasiga kirib keldi. “Navbahor” futbolchisi undan to‘pni olib qo‘yishga urindi. Savol: raqib o‘yinchisi Taranni yiqitdimi? Vaziyatni ko‘ring va o‘zingiz baho bering.

Hakam o‘yinni to‘xtatishi kerakmidi yoki yo‘q?

Eng ko‘p munozaraga sabab bo‘lgan holat 87-daqiqada ro‘y berdi. Hakam “Sho‘rtan” darvozasi tomon jarima zarbasi belgiladi. To‘p havolatib jarima maydoni ichiga oshirilgach, “Sho‘rtan” himoyachisi Obid Jo‘raboyev o‘z jamoasi darvozaboni bilan to‘qnashib ketib, yerga yiqildi. Xavfni bartaraf etish maqsadida g‘uzorlik boshqa futbolchi to‘pni jarima maydonchasi tashqarisiga tepib yubordi. Biroq hakam o‘yinni shu nuqtada to‘xtatmadi, vaholanki, orqasiga qarab, jarohatlangan futbolchini ko‘rdi.

Mehmonlar esa o‘yinni davom ettirdi. Mazkur hujum gol bilan tugadi. Shu gol sabab namanganlik futbolchilar hisobni tenglashtirdi — 3:3. Endi savol tug‘iladi: futbolchi jarohat olib yerda yiqilib yotgan mahal hakam o‘yinni to‘xtatishi kerakmidi? Obid Jo‘raboyev jiddiy jarohat olgan va stadionning o‘zidanoq tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilgan. Bu haqda uchrashuv protokolida ham keltirib o‘tilgan va tasdiq sifatida “Sho‘rtan” shifokori Alisher Abdurahmonov imzo chekkan.

“Navbahor” feyr pleyga amal qilishi kerakmidi, degan savol ham yuzaga kelishi mumkin. Himoyalanayotgan jamoa futbolchisi to‘pni tepib voqea joyidan uzoqlashtirdimi, demak, hakam hushtak chalib, o‘yinni to‘xtatishi kerak. Chunki jarima maydonchasi ichida boshqa bir futbolchi jarohat olib yerda yotibdi.

“Championat.asia” mazkur vaziyat yuzasidan tushuntirish beradigan tajribali hakam yoki mutaxassis fikri kerakligi haqida aytib, O‘zbekiston futbolida ishlaydiganlarga umumiy murojaat qilgan. Rustam Bobomurodovni futboldan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqqan hakamlar ham, qolganlar ham hozircha jim.