Iroq kurdlarining harbiylashgan qo‘shilmalari — “Peshmerga” otryadlari jangchisi Bag‘doddan shimolda qurolli hujum oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, noma’lum qurolli shaxslar Tuz-Xurmatu shaharchasida unga hujum uyushtirdi. Ushbu shahar joylashgan Salohiddin viloyatida asosan arablar va turkmanlar yashaydi.
Ilgariroq kurdlarning “Peshmerga” va shialarning “Hashd ash-Sha’biy” qurolli otryadlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqani ma’lum qilingan edi. Keyinchalik shimoliy mintaqalardagi shia ko‘ngillilari rasmiy vakili Ali al-Husayniy bu ma’lumotni inkor qildi.
“Peshmerga” jangchisiga hujum uyushtirilgan kuni — 25-sentabrda Iroq Kurdistonining mustaqil davlatga aylanishi yuzasidan referendum o‘tkazilmoqda. Shu bois ushbu hujum etnik adovat negizida amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.
Izoh (0)