O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan kecha — 21-sentabr kuni uchrashib, bir qator masalalar yuzasidan kelishuvga erishgandi. Ular orasida Xalqaro futbol uyushmasining O‘zbekistonga beradigan moddiy ko‘magi masalasi ham bor.

Foto: “Championat.asia”

O‘FFni moliyaviy shaffoflashtirish bo‘yicha yangi strategik reja barpo qilayotgan Umid Ahmadjonov FIFA rahbari bilan “Forvard” loyihasi bo‘yicha muzokara olib bordi. Natijada FIFA 2018-yil oxirigacha O‘zbekiston futboliga 3,5 million AQSh dollari, 2019-yilda esa yana 1,5 million dollar o‘tkazib beradigan bo‘ldi, deb ma’lumot berdi federatsiya matbuot xizmati.

Xo‘sh, bu pullar qayerdan keladi? FIFA prezidenti bo‘lib saylangach, Janni Infantino tashkilotning daromadi unga a’zo federatsiyalarga taqsimlab berilishi kerakligini baralla aytgandi. Ana shu gaplarning isboti tariqasida Infantino yangi rivojlantirish loyihasini ishga tushirgan. Unga ko‘ra, FIFAga a’zo har bir federatsiya, shu jumladan O‘zbekiston ham 4 yil ichida 5 million AQSh dollari miqdorida pul oladi. Bu pullar FIFAning “Forvard” loyihasida aytib o‘tilganidek, federatsiya ishini yuritish, ma’muriy boshqaruv ishlari, shuningdek, terma jamoalar, respublika miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish, veb-sayt ishlarini takomillashtirish kabi alohida belgilab qo‘yilgan missiyalarga sarflanishi kerak. FIFA bu pulni 4 yil ichida federatsiyalarga audit asosida o‘tkazib beradi.

Muzokaralari natijasida Umid Ahmadjonov 2017—2018-yilgi maxsus loyihalar uchun FIFA bilan 1,5 million dollarlik shartnoma imzolaydigan bo‘ldi. Endi Toshkentda ushbu shartnoma shartlarini bajarish bo‘yicha ishchi guruhi tuziladi va belgilangan muddat ichida barcha xujjatlar Syurixga yuboriladi. Bundan tashqari, 2016-yilgi maxsus loyihalar uchun o‘z hisobidan mablag‘ ishlatib turgan O‘FFga, harajatlarini qoplash maqsadida yana 1 million dollar o‘tkazib beriladi. Infantino FIFAning futbolni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy grantlari kelgusida O‘zbekiston uchun faol bo‘lishiga umid bildirdi.

Ahmadjonov va Infantino FIFAning “Gol—4” loyihasi bo‘yicha O‘FF hisob raqamiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar kechikmasligi, milliy terma jamoaga avtobus sotib olish uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini oshirish kabi masalalarni ham muhokama qilgan.

“Gol—4” FIFA sobiq prezidenti Zepp Blatter davridagi so‘nggi loyihalardan biri bo‘lib, uning doirasida O‘FFga 500.000 dollar beriladi. Bu pullarning bir qismi allaqachon O‘FF binosini qayta ta’mirlash uchun ishlatilgani ma’lum qilindi. Qolgan qismi esa milliy terma jamoaga yangi avtobus sotib olish uchun sarflanadi. Shu tariqa tashkilot FIFAning “Gol” loyihalaridagi ishtirokini tamomlaydi.

Biz O‘FF faoliyatini shaffoflashtirish orqali ishqibozlarning mamlakat futboliga bo‘lgan hurmat va e’tiborini, ishonchini qaytarishni maqsad qildik. Federatsiya endilikda barcha turdagi faoliyat, shu jumladan, moliyaviy operatsiyalar haqida ham vaqti-vaqti bilan hisobot berib turadi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Umid Ahmadjonov boshchiligidagi O‘FF delegatsiyasi Shveysariyadan Toshkentga shu hafta oxirida qaytib keladi.