Hamma ota-onalar ertami-kechmi o‘ylab qoladi — bolaga qachon televizor ko‘rishga ruxsat berish kerak: tug‘ilganidanmi, ikki yoshdanmi yoki balki yetti yoshga kirguncha kutish kerakdir?

Foto: Flickr

Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uch yoshgacha bolalarga hatto qiziqarli ko‘rsatuvlarni ham ko‘rsatmaslikni tavsiya qiladi. Uch yoshdan oshgan maktabgacha yoshdagi bolalar televizor qarshisida 30 daqiqadan ortiq o‘tirmasligi kerak, kichik maktab yoshdagilar — 30−60 daqiqa, o‘rta va katta yoshdagi maktab bolalari esa 1 soatdan 3 soatgacha televizor ko‘rishi mumkin.

Bir yoshdan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘pincha kattalar foydalanadigan televizor va gadjetlarni tushuna boshlaydi va shunga muvofiq ravishda yangi modadagi moslamalarga tomon talpinadi. Bu davrda iloji boricha televizorning ovozini baland qo‘yib ko‘rmaslikka harakat qilish kerak.

Bolalarni birinchi multfilmlar bilan ikki yoshdan uch yoshgacha tanishtirish mumkin. Bu bir necha daqiqalik, mazmuni tushunarli bo‘lgan past ovozli musiqali oddiy animatsiya bo‘lishi mumkin.

Bolalar birinchi ko‘rsatuvlarni uch yoshdan besh yoshgacha bo‘lgan davrda tomosha qilishni boshlashi mumkin. Televizorni to‘xtovsiz 20-30 daqiqadan ortiq ko‘rmasligi lozim, keyin esa albatta sayr qilishi, harakatlanishi zarur.

Besh yoshdan oshgan bolalarda aqliy ta’sirchanlik faol ravishda rivojlana boshlaydi, ruhiyati mustahkamroq bo‘lib boradi. Bolani qiziqtiradigan ko‘rsatuvlarni tanlashda, u ekran qarshisida yarim soatdan ortiq o‘tirmasligiga e’tibor bering.

Televizor — ijtimoiy dasturlarni tarqatuvchi quvvatli va samarali vosita hisoblanadi. Bizning vazifamiz bolalarimizga ularning rivojlanishiga va dunyoni o‘rganishlariga yordam beruvchi maxsus dasturlarni topish, tanlash va ko‘rsatishdan iboratdir.

Manba: “Deti.mail.ru”