Kioto prefekturasida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va Maidzuru shahar meriyasi hamkorligida O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosi va turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu xaqda “O‘zbekiston 24” xabar bermoqda.
Tadbir chog‘ida an’anaviy o‘zbek milliy liboslari va xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etilib, O‘zbekiston tarixi, madaniyati va me’moriy obidalari haqidagi axborot va video materiallar tarqatildi.
Bundan tashqari, Maidzuru shahri o‘rta maktablari o‘quvchilari mustaqil ravishda o‘zbek tilida O‘zbekistonning tarixi va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Yig‘ilganlarga o‘zbek milliy ramzlari bilan bezatilgan yapon kimonosi ham namoyish etildi. Ularda, xususan, O‘zbekiston davlat bayrog‘i, diqqatga sazovor maskanlari, Samarqanddagi Registon maydoni, Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatri suratlari aks ettirilgan edi.
Tadbir yakunida joriy yilda madaniy-gumanitar va iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Maidzuru shahri meriyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan suhbat chog‘ida Maidzuru shahri meri R. Tatami Yaponiyada o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati va an’analariga katta hurmat bilan qaralishini qayd etdi.
O‘z navbatida, Maidzuru shahri parlamenti deputati K. Ito O‘zbekiston tinchlik va osoyishtalik hukmron bo‘lgan g‘aroyib diyor ekanini, o‘zbek xalqi esa samimiyligi va mehribonligi bilan ajralib turishini ta’kidladi.
Izoh (0)