Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 21-turidan joy olgan “Buxoro” — “Dinamo” o‘yini hakami Rustam Bobomurodov inspektor Artyom Arutyunov tomonidan 4 ball, ya’ni, 2 bahoga loyiq ko‘rilgan, keyinroq O‘FF uni futbol hakamligidan butunlay chetlatgandi.

Foto: O‘FF

“Championat.asia” nashri jurnalisti Xayrulla Xoliqov bu ishlardan so‘ng Rustam Bobomurodovning o‘zi bilan suhbatlashdi.

Men uchrashuvni yaxshi boshqardim, deb o‘ylayman. Hech bir tomonga yon bosganim yo‘q va o‘yin payti nimani ko‘rgan bo‘lsam, shunga qarab qaror chiqardim.

“Dinamo” darvozasi tomon penalti berilmagan holatga kelsak, o‘sha vaziyatda “Buxoro” futbolchisi to‘pga bosh bilan zarba bergan paytda, raqib o‘yinchisi ham to‘pni qaytarish uchun sakradi. Bilasiz, odam sakraganda qo‘li ham beixtiyor yuqoriga ko‘tariladi. Keyinchalik o‘sha vaziyat fotosurati ham chiqdi. Rasmga e’tibor bering, “Dinamo” futbolchisi sakrayotganda to‘pga qaramayotgandi, u ko‘zlarini yumib olganini ko‘rasiz. Demak, futbolchi shunchaki to‘pni qaytaraman, deb o‘ylagan, to‘pga o‘ynayman degan fikr bo‘lmagan.

Yana bir vaziyat birinchi taymda ro‘y berdi. Ikki jamoa futbolchisi jarima maydonchasi ichida bir-biriga urilib, yiqildi. Bu penaltiga umuman tortmasdi. Shu bois asosiy e’tiroz ikkinchi taymdagi holatga bo‘ldi. Agar har bir vaziyatga 11 metrlik jarima to‘pi qo‘yaversak, keyin yana boshqa gaplar chiqib keladi. Shunday holat ham bo‘ldi: samarqandlik futbolchini “Buxoro” o‘yinchisi ushlab qoldi. Men bunda ham penalti bermadim, lekin bunga birov e’tibor ham qilmadi.

Men yuragimga quloq soldim, ichki hissiyot menga penalti yo‘q dedi. Penalti qo‘yganimda, ertasi kuni atayin penalti qo‘yding, degan gap tegardi. O‘sha vaziyatni hozir ham eslayman: futbolchi to‘pni qo‘li bilan qasddan o‘ynamadi, to‘p bexosdan uning qo‘liga tegib ketdi. Masofa juda yaqin bo‘lgani uchun, men 11 metrlik jarima to‘pi belgilamadim. Agar to‘p darvoza tomon borayotgan bo‘lganida va o‘yinchi uni qo‘l bilan qaytarib qolsa, bu boshqa gap edi.

Rustam Bobomurodov, futbol hakami

Foto: O‘FF

Hakam uchrashuvdan keyin vaziyatni inspektorga ham tushuntirmoqchi bo‘lgani haqida aytdi.

Artyom Sergeyevich futbolchi baribir qo‘l bilan o‘ynadi, dedi. Men tushuntirishga harakat qildim, lekin u kishi eshitmadi va past baho qo‘ydi. E’tiroz esa o‘sha vaziyat bo‘yicha bo‘ldi. Men o‘yinchilarga yaqin joydan nima bo‘lganini ko‘rdim. Nazoratchi bizni baholaydigan kishi, men esa baribir o‘z fikrimda qolaman: qo‘l to‘pnimas, to‘p qo‘lni topdi.

Rustam Bobomurodov, futbol hakami

Agar O‘FF tushuntirish talab qilsa, Rustam Bobomurodov uni berishga tayyor. Hozir esa tushkunlikka tushib qolgan.

To‘g‘risi, o‘qib o‘zim ham hayron qoldim. Meni yaxshi taniydiganlar biladi, doim ham penalti qo‘yavermayman. Men futbolchilarning “jang” qilishiga doim qo‘yib berganman. Chunki hadeb hushtak chalaverish o‘yin saviyasini tushirib yuboradi. Buxorodagi bahs shundoq ham asabiy ruhda o‘tdi, stadionga ko‘plab muxlislar kelishgandi. Lekin men bahsni adolatli boshqarib borishga harakat qildim. Bor gap shu.

Hozir tushkunlikka tushib o‘tiribman. Lekin qo‘limdan nima ham kelardi. Agar federatsiyaga chaqirishsa, borib tushuntirish berishga tayyorman.

Apellyatsiya? Kimga beraman? Dardimni kim eshitadi? Hamma bir bo‘lib qaror chiqargan bir paytda kimga nima deya olaman? Men 17 yil hakamlik qilib, biror marta ikki baho olmaganman. Bundan-da qiyin o‘yinlarni boshqarganman. Agar oldin ham bir-ikki marta ikki olganimda, odamlar Rustamning bo‘lgani shu, oldin ham shunaqa qilgan, deb aytsa bo‘lardi.

Rustam Bobomurodov, futbol hakami