O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-tekstil klasteri yaratilmoqda. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-tekstil klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Klaster chet el kompaniyalari — Trontex LP (Buyuk Britaniya) va Gratum Trading LP (Buyuk Britaniya) ishtirokida tuzilmoqda. Boshlang‘ich loyiha doirasida Bek Cluster qo‘shma korxonasi tuziladi.
Loyiha paxta xomashyosi hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini, shuningdek, ularni raqobatbardosh mahsulot holigacha qayta ishlashni nazarda tutadi.
O‘zbekiston rahbari loyiha uchun Mirzaobod tumanida 13 ming, Xovos tumanida 5 ming gektar sug‘oriladigan yer ajratilishini ma’qulladi. U yerda paxta xomashyosi va boshqa zarur qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.
Bundan tashqari, Bek Cluster QK MChJ hamda uning tarkibiga kiruvchi korxonalarga o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni erkin tasarruf etish, narx-navo shakllantirish va mahsulot realizatsiyasi hajmlarini mustaqil belgilash ruxsat etildi.
Ushbu faoliyat bilan barcha xarajatlar MChJning o‘z mablag‘lari, shuningdek, tijorat banklari kreditlari hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, Bek Cluster o‘ziga ajratilgan yerlarda fermer xo‘jaliklari bilan mehnat shartnomalari asosida mehnat uchun adolatli haq to‘lash prinsiplari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Bek Cluster tayyor mahsulotni yuqori narxlar bo‘yicha marketing tadqiqotlari aniqlab bergan bozorlarga eksport qilib boradi. Marketing tadqiqotlari hammuassislar — Trontex LP va Gratum Trading LP bilan hamkorlikda olib boriladi.